Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘linmasi, NNTlar milliy assotsiatsiyasi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirok etishdi.

Muloqotda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik institutlarining o‘rni, NNTlar faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va institutsional sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi Qonuni orqali ayrim qonun xujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmuni tushuntirildi. Yangi tartibga ko‘ra, homiylik faoliyatida javobgarlik va shaffoflik kuchaytirilib, xayriya mablag‘larini yig‘ish va ulardan foydalanishning aniq qoidalari belgilab berildi.

Shu bilan birga, tadbir doirasida NNT lar uchun grant loyihalarini tayyorlash va taqdim etish tartibi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Sirdaryo viloyatidagi 17 ta nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari grant g‘olibi bo‘lgan. Muloqot chog‘ida ikkinchi tur grant g‘oliblariga ham sertifikatlar topshirildi.

– Fuqarolik jamiyati — xalq bilan davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prikdir. Prezidentimiz farmoni doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar NNTlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda, – dedi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Sherdor Rasulov.

Yakunda ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotida ularning ta’sirini oshirish bo‘yicha o‘z taklif va fikrlarini bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri