Bosh qomusimizda fuqaroligi bo‘lgan shaxslarni davlatimiz o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham huquqiy himoya qilishi va homiylik ko‘rsatishi kafolatlangan. Biroq taqdir taqozosi bilan fuqarolik maqomisiz, davlat kafolatisiz yashayotgan insonlar ham uchraydi.
Xorazmda ana shunday bir guruh yurtdoshlarimizga davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan Xorazm viloyati hududida yashovchi 1 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning fuqaroligi tiklandi, 3 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ushbu shaxslarga respublikamiz fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalarni tantanali ravishda topshirdi.
Fuqarolikka qabul qilingan yurtdoshlarimiz ko‘p yillik orzu- umidlari ushalganini chin dildan e’tirof etib, hurmatli Prezidentimizga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar.
– Hozir 74 yoshdaman. 1982 yilda Turkmanistonga ish yuzasidan o‘tganman, – deydi bog‘otlik fuqaro Olim Jumaniyozov. – Keyinchalik 1999 yilda qaytib keldim. Biroq fuqaroligimni tiklay olmadim. Yillar davomida tegishli tashkilotlarga murojaat qilib keldim. Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz chiqargan farmon bilan menga fuqarolik berildi. Bundan juda xursandman. O‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Fuqarolik nafaqat huquqiy kafolat, balki yurt taqdirini hal qilishga doir jamiyat hayotidagi siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etish imkonini beradi.

– Tuproqqal’a tumanida dehqonchilik bilan shug‘ullanaman, –deydi Ergash Qalandarov. – 2000 yilda xorijdan qaytdim. Umrim davomida biron marta saylovlarda ishtirok etmaganman. Chunki, shaxsimni tasdiqlovchi hujjatim yo‘q edi. Saylov byulleteni tugul, mobil telefonimga hatto sim karta ololmaganman. Barcha yurtdoshlaring singari hujjatlarda va hujjati bor fuqaro bo‘lib yashashning o‘zi baxt.
Hamyurtlarimizning quvonayotgani bejizga emas. Chunki, berilgan fuqarolik ularning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlaridan to‘la foydalanishiga keng imkoniyat yaratadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari