Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari Konstitutsiyada qanday aks ettirilgan?
16:11 / 2023-05-12

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – oliy yuridik kuchga ega hujjat bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

Yangi Konstitutsiyada fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladigan  normalar kuchaytirildi. Yuridik yordam olish huquqlari kafolatlari shulardan biridir.    

Xo‘sh, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari Konstitutsiyada qanday aks ettirilgan?  

Bu savolga Adliya vazirligi mas’ul xodimi Umida Zokirova javob berdi:  

– Amaldagi qonunchilikka muvofiq, malakali yuridik yordam advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi. Malakali yuridik yordam ko‘rsatishni shartli ravishda uch shaklga bo‘lish mumkin: advokat va ishonch bildiruvchi (himoya ostidagi) shaxs o‘rtasida tuziladigan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim (shartnoma) asosidagi yuridik yordam; advokatlar tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam; advokatlar tomonidan fuqarolarga ixtiyoriy (beg‘araz) bepul yuridik yordam ko‘rsatish (pro bono) asosidagi yuridik yordam.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 29-moddasiga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.  

Bu bilan fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqining mustahkam konstitutsiyaviy asoslari kafolatlanmoqda.  

Bu esa, davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning va sohalarning doirasini kengaytirmoqda, ya’ni davlat nafaqat jinoyat ishlari bo‘yicha, balki fuqarolik (oila, mehnat, uy-joy va h.k.), ma’muriy ishlarda va qonunda belgilangan boshqa hollarda ham advokatga to‘lanishi lozim bo‘lgan haq miqdorini fuqarodan emas, balki davlat tomonidan to‘lab berilishini o‘z zimmasiga olishi belgilandi.  

Davlat hisobidan advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilishi xalqimizga nima beradi, degan masalaga to‘xtaladigan bo‘lsak, aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lsada, malakali yuridik yordamdan foydalanishi mumkin. Bu ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qila olish, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga imkon yaratdi.  

N.Abduraimova, O‘zA