Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi
11:32 / 2023-10-27

2023 yil 27 sentyabrda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Oliy sud raisi tomonidan mazkur qonunning mazmun-mohiyatini ijrochilarga yetkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shunga ko‘ra, Milliy gvardiya ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy sud rahbariyatidan vakil ishtirokida kengaytirilgan davra suhbati o‘tkazildi. Unda harbiy sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, qonun bilan sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari takomillashtirildi. 2024 yil 1 yanvardan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarini joriy qilish belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyatsiya tartibida, agar apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat yo protest berish mumkin. 

Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat yo protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat yo protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratilmoqda. 

Bundan tashqari, hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat yoki protest berish muddati yigirma sutkadan o‘n sutkaga qisqartiriladi. 

 

Jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda.

Bu, o‘z navbatida, sud qarorlarini bekor qilib, yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishining oldini oladi. Muhimi, ana shu yangilanishlar natijasida sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy xulosaga kelishga erishiladi.

Shu bilan bir qatorda, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi.

Muhokamalar qismida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA