Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar bir nechta qonun loyihalarini birinchi va ikkinchi o‘qishda muhokama qildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi bilan profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi kuchaytiriladi. Sodir etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan ular aniqlangan joyning o‘zida huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash mexanizmlari soddalashtiriladi.
Ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organ yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson bo‘lishining oldi olinadi.
Qonun loyihasida it va mushuk boqish qoidalarini buzish, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish kabi huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun bayonnoma rasmiylashtirish orqali jazo choralarini ko‘rish ham profilaktika inspektorlariga berilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining yuqorida sanab o‘tilgan imkoniyatlarini e’tiborga olib, qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladi.
Shundan so‘ng «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qonunning maqsadi dehqon xo‘jaligini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Ma’lumki, dehqon xo‘jaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xo‘jaligi boshlig‘iga berilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishni va realizatsiya qilishni oila a’zolarining hamda boshqa qarindoshlarning shaxsiy mehnati asosida amalga oshiruvchi xo‘jalikdir. Dehqon xo‘jaligi o‘z faoliyatini bog‘dorchilik va uzumchilikka yoki sabzavot va poliz ekinlarini yoxud boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashuv asosida amalga oshiradi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs dehqon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lishi mumkin. U ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan, dehqon xo‘jaligining manfaatlarini ifodalaydi va dehqon xo‘jaligi nomidan shartnomalar tuzadi.
Dehqon xo‘jaligi boshlig‘i vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotgan yoki uzoq vaqt yo‘q bo‘lgan taqdirda, u o‘z majburiyatlarini bajarish vakolatini ushbu xo‘jalikning a’zolaridan biriga berishga haqlidir.
Fraksiya yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA