O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu haqda aytib o‘tildi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi oliy ta’lim muassasalarida “5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun sirtqi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Mazkur sirtqi ta’lim shakli doirasida:
- o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi:
- kadrlar tayyorlash bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, fan dasturlarini ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch OTM hisoblanadi;
- Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari talabalikka tavsiya etiladi;
- tasviyanoma asosida o‘qiyotgan talabalar o‘qishini boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
Tavsiyanomalar, egallab turgan lavozimida so‘nggi bir yil davomida faoliyat yuritayotganligi, mahalla tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lganligi, faoliyat yuritayotgan fuqarolar yig‘ini reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha “namunali”, deb topilganligi kabi mezonlar asosida amalga oshiriladi.
O‘zA