Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning mulkini himoyalashning samarali tizimi yaratilmoqda
13:08 / 2023-11-29

Qaror va ijro

“O‘t balosi va suv balosidan asrasin”, degan duo mohiyatida ulkan hikmat bor. Bunda, albatta, ezgu niyat mujassam bo‘lsa-da, ularning oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan tegishli xatti-harakat va tayyorgarliklar ham bo‘lmog‘i zarur.

2023 yil 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori va uning tegishli ilovalari bilan “2023-2030 yillarda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy harakatlar rejasi”  hamda milliy harakatlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bu aholining asosiy mol-mulki bo‘lgan uy-joyi himoyasini turli xatarlardan qonuniy ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi. Bu borada yana qanday ishlarni amalga oshirish zarurati tug‘ilmoqda? Shular xususida iqtisodchi Samidillo MAHMUDOVning tahlillari bilan qiziqdik.

– Ko‘pincha insonning fe’l-atvorida shunday holatlar uchraydiki, uning boshiga biror kulfat tushmaguncha, bu haqida bosh qotirish xayoliga ham kelmaydi. Aholining asosiy mol-mulki bo‘lgan uy-joyi turli xatarlardan qonun yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlash va uning yo‘nalishlarini yanada takomillashtirish fuqarolarning turmush darajasini oshirishda ustuvor sanaladi, – deydi S.Mahmudov. – Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023 yilning 5 oyida yong‘indan 67 milliard so‘mdan ziyod zarar ko‘rilgani ushbu masala naqadar dolzarb ahamiyat kasb etishini bildiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilgi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotgani, yer yuzida iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslar kamayishi bilan bog‘liq muammolar katta xatarlarga aylanayotganligini ta’kidlab o‘tgan edi. Qolaversa, 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb nomlanishi shaxsning qadr-qimmati, mol-mulkini turli xatarlardan himoya qiluvchi sub’ektlarga ham qator vazifa va mas’uliyatni yukladi.

Shundan kelib chiqib, respublikada favqulodda vaziyatlar (tabiiy, texnogen xususiyatli hamda yong‘inlar)ning oldini olish, profilaktik tadbirlarni tashkil etish, jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining sug‘urta madaniyatini oshirish bo‘yicha 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikdagi amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Darhaqiqat, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida moddiy farovonlik ortmoqda. Kadastr agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 14 dekabr holatida 6 milliondan ziyod yakka tartibdagi uylar, deyarli 1,5 million ko‘p qavatli uylarda kvartiralar davlat ro‘yxatiga olingan.

Jahon tajribasidan ma’lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida uy-joy sug‘urtasi turli tasodifiy hodisalar, xatar va qaltisliklar oqibatida aholini favqulodda yo‘qotishlardan himoya qilishning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmi hisoblanadi. Bu esa davlatning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

O‘z navbatida dunyo bo‘ylab tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, yong‘in va texnogen holatlar oqibatida zarar ko‘rgan uy-joylarni tiklash juda  katta xarajatni talab qiladi. Ayni shu xarajatlar davlat byudjetiga qo‘shimcha yuk bo‘layotganligi ularni bartaraf etishga muqobil moliyaviy manbalarni jalb qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

Shu o‘rinda aytish joizki, hozirda qator mamlakatlar – Yangi Zelandiya, Ruminiya, Turkiya va yaqin qo‘shnimiz Qirg‘izistonda aholi uy-joylarini yong‘in va boshqa xatarlardan majburiy sug‘urtalash institutidan keng foydalanilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, tegishli qonunlar qabul qilingan.

Natijada, qayd etilgan davlatlarda aholi mulkini turli xatar va qaltisliklardan himoyalash qamrovi 19 foizdan 50 foizgacha va ba’zi mamlakatlarda undanda yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etadi. Ushbu mamlakatlarda boshiga kulfat tushgan aholi va uning mol-mulki bozor tamoyillariga mos ravishda ijtimoiy himoyada bo‘lib, davlat byudjetiga yuk bo‘lish ehtimolini sezilarli kamaytirdi, iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan investitsion resurslar jamg‘arilishiga imkon yaratildi. Shuning uchun ham iqtisodchilar keng ma’noda bunday himoyalashni ijtimoiy stabilizator, iqtisodiy amortizator sifatida eslatishadi.

Tahlil qiladigan bo‘lsak, 141 moddadan iborat “Uy-joy kodeksi”ning normasida uy-joylarni turli tabiiy ofat, qaltislik va xatarlardan himoya qilish masalalari yoritilmaganligi sohada hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalar borligidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, bugun fuqarolarimizning bu sohadagi huquqiy madaniyati va iqtisodiy savodxonligini yanada oshirish, institutsional masalalarni hal etish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, ularning uy-joylarini himoyalash masalasida qilinishi lozim bo‘lgan maqsadli ishlar davom etmoqda.

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV 

yozib oldi.