Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning koronavirus toʻgʻrisida xabardorlik darajasi yuqori ekanligi aniqlandi
22:00 / 2020-03-25

2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida paydo boʻlgan Sovid-19 koronavirus infeksiyasi dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlarida tarqaldi.Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham koronavirus bilan kasallangan bemorlar aniqlangan.

2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida paydo boʻlgan Sovid-19 koronavirus infeksiyasi dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlarida tarqaldi.Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham koronavirus bilan kasallangan bemorlar aniqlangan.

Mamlakatimizda ushbu xavfli infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ommaviy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha cheklovlar oʻrnatildi, oʻquvchilar va talabalar taʼtilga chiqarildi, tibbiyot muassasalari maxsus ish rejimiga oʻtkazildi, xalqaro yoʻlovchi tashishlar toʻxtatildi,xorijdan Oʻzbekistonga qaytgan va kasallanganlar bilan aloqada boʻlgan fuqarolar karantinga olindi.

Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsada, koʻp narsa fuqarolarimizning oʻziga bogʻliq. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-martida mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida qayd etganidek, “buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur“.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi aholining koronavirus infeksiyasi va uning tarqalishi yoʻllari haqidagi xabardorlik darajasini aniqlash hamda fuqarolarning mamlakatimizda ushbu kasallikning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi toʻgʻrisidagi fikrini oʻrganish maqsadida aholi oʻrtasida telefon orqali soʻrov oʻtkazdi.

Tadqiqot ikki bosqichda oʻtkazildi. I bosqich – 2020-yilning 26-fevralidan 2-martgachavaII bosqich 16-martdan 20-martgacha oʻtkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan 18 yosh va undan yuqori boʻlgan erkaklar va ayollar, yoshlar va keksa avlod vakillari ishtirok etdi.

Telefon orqali oʻtkazilgan soʻrovda fuqarolarning 75,4 foizi koronavirus infeksiyasi haqida toʻliq xabardor ekani aniqlandi. Xususan, soʻrovning har beshinchi ishtirokchisi “bu haqda eshitgani, biroq batafsil maʼlumotga ega emasligi”ni taʼkidlagan

Soʻrov bosqichlari boʻyicha oʻtkazilgan monitoring “toʻliq darajada xabardorman” deb javob bergan fuqarolar soni 29,7 foizga oshganini koʻrsatdi. Bu mamlakatimizda Sovid-19 koronavirus infeksiyasi haqida keng aholi qatlamlariga toʻliq va ishonchli maʼlumotni yetkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samarali ekanidan dalolat beradi. Ishonchli manbalardan koronavirus toʻgʻrisida xolis axborot olish alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov koronavirus yuqish yoʻllaridan fuqarolarmiz yuksak darajada xabardor ekanini ham koʻrsatdi. Masalan,soʻrovning aksariyat qatnashchilari infeksiyani kasallangan bemordan oʻtishini va virus havo tomchi yoʻllari yoki aloqa orqali yuqishini yaxshi biladi.

Monitoring koronavirus yuqishi toʻgʻrisidan xabardor boʻlgan fuqarolar soni 23,6 foizga oshganini koʻrsatdi.

Telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, televideniye koronavirus toʻgʻrisida axborot olishning asosiy manbai boʻlib qolmoqda. Soʻrovning har ikkinchi ishtirokchisi koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq maʼlumotlar bilan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi dasturlari orqali tanishayotganini bildirgan. Aholining fikricha, Internet ham muhim manba hisoblanib,u orqali mamlakatimiz va jahonda koronavirus tarqalishi, ushbu kasallikdan himoyalanish usullari va uning tarqalishini oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish mumkin.

Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarida koronavirus infeksiyasi haqida yetarlicha maʼlumot taqdim etilyaptimi, degan savolga aksariyat qatnashchilar, yaʼni 92 foiz fuqaro ijobiy javob bergan.Taʼkidlash joizki, ushbu fikrga qoʻshilganlar soni ikkinchi bosqichda 25,5 foizga koʻpaygan.

Soʻrov fuqarolarning 68,1 foizi davlatimizning koronavirus infeksiyasining oldini olish, aniqlash va toʻxtatishga qaratilgan chora-tadbirlariga ijobiy baho berishlarini koʻrsatdi. Aksariyat yurtdoshlarimiz mamlakatimiz rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan ishlarini ijobiy baholamoqda.

Viloyatlar kesimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi (85,7 foiz), Jizzax (81,3 foiz), Navoiy (81,3 foiz)va Sirdaryo (76,9 foiz) viloyatlarida koronavirus infeksiyasining kirib kelishini oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarimiz tomonidan yuksak baholangan. Unda soʻrov ishtirokchilari ularning viloyatida barcha zarurchora- tadbirlar amalga oshirilayotganini bildirgan. Toshkent va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida past koʻrsatgichlar aniqlangan.

Soʻrov fuqarolarning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga boʻlgan fikrlarini ham aniqladi.Masalan, fuqarolarning 54 foizi fikricha, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar aniqlangani sababli mahsulotlar narxi oshgan. Fuqarolarning 38 foizi narx-navo oshmaganini qayd etgan.

Hududlar kesimida fuqarolarning asosiy oziq- ovqat mahsulotlari narxlariga oid fikrlari turlicha. Buxoro va Andijon viloyatining har ikkinchi fuqarosi hamda Namangan viloyatida istiqomat qiladigan fuqarolarning 47,3 foizi oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshgan, deb hisoblaydi. Soʻrovda oziq-ovqat mahsulotlari oshgan, deb hisoblaydigan fuqarolar soni Navoiy, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida eng past koʻrsatkichni koʻrsatdi.

Telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov fuqarolarning koronavirusdan himoyalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan xabardorligini ham koʻrsatdi. Ishtirokchilarning 42,1 foizi fikricha, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish koronavirusdan himoyalanish va uning oldini olishning eng asosiy yoʻli hisoblanadi. Har uchinchi fuqaro tibbiy niqoblardan foydalanish kasallikdan himoyalanishga yordam beradi, degan fikrda boʻlsa, ularning 15,9 foizi odamlar gavjum boʻlgan joylarga borishdan saqlanish lozimligini bildirmoqda.

Soʻrov fuqarolarning aksariyati (88 foiz) oʻzi va yaqinlarini koronavirusdan himoya qilish uchun zarur shaxsiy gigiyena vositalari (tibbiy niqoblar)ga ega ekanini koʻrsatdi.4,3 foiz ishtirokchilar tibbiy niqob sotib ololmaganini, 6,3 foiz qatnashchilar niqoblarni xarid qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan.

Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, ishtirokchilarning 36,9 foizi tibbiy niqoblarni dorixonalardan xarid qilgan.Soʻrovda ishtirok etgan har beshinchi fuqaro dorixonada tibbiy niqob qolmagani sababli ularni xarid qilolmaganini maʼlum qilgan. Fuqarolarning 13,6 foizi esa, dorixonalarga ham bormasdan, mustaqil ravishda niqob tikib olgan.Har oʻninchi fuqaro tibbiy niqob sotib ololmagani va infeksiyadan oʻzini himoya qilish uchun uni oʻzi tikib olishga majbur boʻlganini bildirgan.

Umuman olganda,soʻrov natijalari aksariyat fuqarolar Oʻzbekistonda koronavirusning oldini olish, aniqlash va unga barham berish maqsadida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan chora- tadbirlarga ijobiy baho berayotganini koʻrsatdi.Monitoring koronavirusning xavfini anglab yetgan hamda oʻzi va yaqinlarini ushbu infeksiyadan himoya qilish usullaridan xabardor fuqarolar soni ortganini koʻrsatdi.

Shunday boʻlsada, coʻrov natijalari fuqarolar, ayniqsa yoshlarning koronavirusning tarqalishi va undan himoyalanish yoʻllari, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, aholi gavjum joylarga bormaslik toʻgʻrisida xabardorlik darajasini oshirish boʻyicha ishlarni yana-da davom ettirish zarurligini koʻrsatdi. Maxsus tushuntirish ishlari oddiy va hamma uchun tushunarli tilda olib borilishi kerak. Barcha ommaviy axborot vositalarida oʻzi va yaqinlarini koronavirusdan himoya qilish usullari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tarqatish nihoyatda zarur.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi