Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilishda adliya organlarining roli beqiyos
19:07 / 2024-01-08

8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilgan kun

Mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, davlatchiligimizni mustahkamlash yo‘lida huquqshunoslarning xizmatlari beqiyos. 

1992 yil 8 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon bilan mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga asos solindi. 

– O‘tgan yuz yil davomida Adliya tizimi o‘ziga xos shakllanish va rivojlanish bosqichlaridan o‘tdi. Xususan, so‘nggi 30 yildan oshiq vaqt mobaynida mustaqil O‘zbekiston davlatchiligining shakllanishi va mustahkamlanishida adliya organlari va muassasalarining roli katta bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov. 

– Mamlakatimizda yagona huquqiy maydonni shakllantirishdek muhim strategik vazifani hal etishda ustoz huquqshunoslar qo‘ygan poydevorni bugun bir necha avlod shogirdlar sharaf bilan davom ettirib kelmoqdalar. Tabiiyki, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatini huquqiy ta’minlash, mamlakatimiz manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilish va O‘zbekistonning xalqaro imijiga ijobiy hissa qo‘shish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir. Tadbirkorlik, ijtimoiy sohalar, jamoat birlashmalari uchun ham huquqiy madad faoliyatimizning ajralmas qismidir. 

Bugungi kunda soha xodimlari o‘z vazifalarimizni yuqori saviyada ado etish uchun sidqidildan mehnat qilib, fuqarolarga huquqiy ko‘mak berish bilan bir qatorda, normativ-huquqiy bazani hamda huquqni qo‘llash amaliyotini rivojlantirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, jamiyatda kasbiy an’analarni qat’iy himoya qilish borasida jonbozlik ko‘rsatmoqda. 

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pog‘onaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pog‘onaga ko‘tarildi. 2023 yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilindi. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “Tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi”. 

Ushbu zafarlarda adliya xodimlarining ham xizmati va hissasi borligi barchamizga g‘urur baxsh etadi. Bugun mazkur ulkan ishlarni amalga oshirishda 10 mingdan ortiq katta jamoamiz kamarbasta bo‘lmoqda. Vatanimiz va xalqimiz oldidagi vazifamizni to‘liq va sidqidildan mas’uliyat bilan bajarish yo‘lida bardavom harakatdamiz, – deydi vazir Akbar Toshqulov. 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA