Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning jinoyat protsessidagi huquq va erkinliklarini muhofaza qilish yana-da mustahkamlanadi
17:28 / 2020-05-18

Mazkur qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga tuzatishlar kiritilgan.

Yangi qonun

Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqullangan edi. Kuni kecha mazkur qonun davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Mazkur qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga tuzatishlar kiritilgan.

Birinchidan, videoyozuv orqali qayd etilishi shart boʻlgan, oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish, tintuv, koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti protsessual harakatlar qatoriga shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qoʻyish qoʻshilgan.

Oʻz oʻrnida Kodeksga himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi normasi kiritilib, bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi hamda advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuzilishi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyilishi, shuningdek, videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinishi ham qatʼiy belgilangan.

Eng muhimi, bunday protsessual harakatlar amalga oshirilishi jarayonida himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan holi uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmasligi alohida taʼkidlangan.

Ikkinchidan, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan protsessual majburlov choralarining qoʻllanishi haqida va uning ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmasa boshqa qarindoshlari yoki yaqin kishilariga xabar berilishi lozim. Shuningdek, bu haqda ish yoxud oʻqish joyiga maʼlum qilish majburiyati Kodeksning avvalgi matnida belgilangan muddatda (24 soatdan kechirmasdan) amalga oshirilishi qayd etilgan boʻlsa, endi bu majburiyat darhol bajarilishi shart.

Shuningdek, agar ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamogʻiga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi boʻlsa, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar berish majburiyati ham belgilangan.

Uchinchidan, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsni jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar ushlab turishda unga nisbatan qoʻllaniladigan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish shartligi talabi mustahkamlangan.

Shu bilan birga, shaxsni ushlash videoyozuv vositalarini qoʻllash imkonini bermaydigan turli vaziyatlarda (jinoyat sodir etilgan joyda shaxsni ushlash, qidiruvda yurgan shaxsni ushlash va h.k.) amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, JPKning 224-moddasida ushlab turishni videoyozuv orqali qayd etishning majburiyligini belgilovchi qoidaga quyidagilar istisno nazarda tutilgan.

Xususan, shaxsni ushlash, shaxsiy tintuv va olib qoʻyishni oʻtkazishning kechiktirib boʻlmaydigan hollarida, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilishi belgilangan. Biroq amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning binosida oʻtkaziladigan shaxsni ushlash harakati oldindan rejalashtirilishini inobatga olib, ushbu istisno etuvchi qoida shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ushlashga tatbiq etilmasligi qayd qilingan.

Ahamiyatlisi, shaxsni ushlash jarayonida videoyozuv qoʻllanilmagan taqdirda, davlat organi xodimi ushlangan shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organ binosiga olib kelganidan soʻng, unga huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirishi shartligiga oid qoida qatʼiy belgilangan.

Muxtasar aytganda, qonunning hayotga tatbiq etilishi jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari huquq va erkinliklari himoya qilinishining yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Shuhrat CHOʻLLIYEV,
Oliy Majlis Senati
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga
qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.