Har bir shaxs mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Lekin ayrim ish beruvchilar xodimlarni ishlatib, ish haqini berishga kelganda turli xil vajlar keltiradi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’iy nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashi lozimligi belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Sharof Rashidov tuman bo‘limi ish yurituviga joriy yil 24 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining undiruvchi M.To‘ychiyevning qarzdor "A-J. SERVIS" sho‘’ba korxonasidan hisoblangan, lekin to‘lanmagan ish haqini va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish haqida 2022 yil 4 noyabrdagi sud buyrug‘i kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘rganishlar davomida "A-J. SERVIS" sho‘’ba korxonasining bundan tashqari yana 14 ta ish haqi undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha 458 million so‘m qarzdorligi aniqlangan.
Ijro harakatlari davomida "A-J. SERVIS" sho‘’ba korxonasiga tegishli ko‘chmas mulk xatlandi. Kelgusida belgilangan muddatlarda qarzdorlik to‘lanmagan taqdirda, mazkur mulk elektron-onlayn savdolarida sotiladi.
Sotuvdan tushgan puldan fuqarolarning ish haqlari to‘lab beriladi.
O‘zA