Poytaxtimizda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi tomonidan Prezidentimizning 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar doirasida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, jinoyatchilikka olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Yangihayot va Yashnobod tumanlaridagi fuqarolar ishtirok etdi.

Qabulda fuqarolarning uy-joy, aliment, meros kabi ijtimoiy-maishiy muammolari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mahalla aholisi tomonidan bildirilgan murojaatlar o‘rganilib, ular yuzasidan tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
Murojaatlar asosan yer munosabatlari, aliment undirish va mol-mulkni bo‘lish, mehnat munosabatlari hamda ta’lim sohasiga oid masalalarni qamrab oldi.

Murojaat qilgan fuqarolarga o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning amaldagi huquqiy mexanizmlari, sud va sudgacha bo‘lgan tartibda murojaat qilish yo‘llari, shuningdek huquqiy masalalarni hal etishda keyingi harakatlar batafsil tushuntirildi.
–Tadbir yakunida fuqarolarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasining aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilgan tashrif qog‘ozlarini tarqatdik, – dedi TDYUU Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev. – Kelgusida zarur huquqiy yordam va maslahatlar olish imkoniyatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi.

O‘tkazilgan sayyor qabul belgilangan vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘lib, aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini joyida hal etish, huquqiy maslahatlar berish va ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA