Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish – davr talabi
12:23 / 2024-02-23

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar nisbatan ko‘paygan. Achinarli tomoni shundaki, yosh yigit-qizlar o‘zga insonlarni aldab, puli va mol-mulkini qo‘lga kiritmoqda.

Qayd etish kerakki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar kengayishi tendensiyasi kuzatilmoqda. 

Jinoyat kodeksining 168-moddasiga muvofiq firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan bilib turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulk egasi yoki boshqa shaxsga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud mulk egasi yoki boshqa shaxsni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi. 

Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarni qo‘llash va h.k kiradi. 

Sudlanuvchi N.E. ismli ayol muqaddam sudlangan bo‘lishiga qaramasdan yana jinoyatga qo‘l urgan. Gap shundaki, Toshkent shahriga ishlab chiqarish sexini ishga tushirish maqsadida kelgan S.S. makler orqali uy qidirgan. Biroq narxiga kelisha olmagan. Shundan so‘ng u tanishi orqali N.E. bilan gaplashadi. 

– Sizga o‘zim arzonroq kvartira topib beraman, – deydi ular uchrashganida N.E. ismli ayol. – “Askiya” bozori atrofida uch-to‘rtta xonadon bor. Narxi ham arzon. Ijara to‘lovi oyiga 500 AQSH dollari. Oldindan 3 oylikni to‘laysiz. 

Ertasi kuni S.S. aytilgan manzilga borib, ayolning qo‘liga 1500 AQSH dollarini beradi. 

– Oilam bilan bir-ikki kundan keyin ko‘chib kelaman, – deydi mijoz. 

– Ozroq shoshmay turasiz, – deya ayyorona gapiradi ayol. – Uy ta’mir talab... 

Shu gap-so‘zlardan keyin ular xayrlashadi. Ijaraga xonadon topib bermoqchi bo‘lgan ayol 1500 AQSH dollarini qo‘lga kiritgach qorasini ko‘rsatmaydi... 

N.E. bu bilan qanoatlanmay ijaraga uy qidirib yurgan yana ikki nafar fuqaroni aldaydi. Biridan yetti oy muddatga deb 4200 AQSH dollari, ikkinchisidan ham aldov yo‘li bilan 500 AQSH dollarini olgan. 

Yaqinda sudda mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudning hukmiga ko‘ra, firibgarlikni kasb qilgan N.E. ismli ayolga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining 2023 yil 16 yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini to‘liq qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 4 yil muddatga ozodlikni cheklash hamda 12 265 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi. 

Ishlamay osongina pul topish yo‘lini tanlaganlar ertami-kechmi qonun oldida javob beradi. Birovning haqi hech qachon yuqmaydi. Xalqimizda: baraka halollikda, degan gap bor. Noqonuniy, o‘zga shaxslarning mablag‘i hisobiga kun kechirmoqchi bo‘lganlar uzoqqa bormaydi, bu harom pul ularga yuqmaydi. 

Firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik uchun o‘zimiz ehtiyot bo‘lishimiz kerak. O‘zgalarning ham har xil yolg‘on va’dalarga uchib, chuv tushmasligi uchun barchamiz birdek harakat qilmog‘imiz, tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib bormog‘imiz zarur. Shu bilan birga, fuqarolarimizning huquqiy bilimini oshirish davr talabidir. 

Alisher Jalilov, 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi.