Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
22:06 / 2022-03-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish, o‘z faoliyati yuzasidan jamoatchilikka tizimli ravishda ma’lumotlar taqdim etish masalalarida adliya organlari va muassasalarining roli va mas’uliyati sezilarli ravishda oshmoqda.

Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini ro‘yobga chiqarish adliya organlari tizimida ma’muriy islohotlarni yanada chuqurlashtirishni taqozo qilmoqda.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish va intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda tizim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ushbu sohalarda muvofiqlashgan faoliyatni ta’minlash hamda mavjud ma’muriy tuzilmalarning yaxlit vertikal boshqaruvini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mamlakatimizda adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlash, aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish, deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor qilish, funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va takrorlanishlarning oldini olish orqali byudjet mablag‘larini tejash va ulardan oqilona foydalanish, shu jumladan, aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasining Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari hamda Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlarini vazifa, funksiya va vakolatlarini Adliya vazirligiga (keyingi o‘rinlarda − Vazirlik) o‘tkazgan holda qo‘shib olish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Vazirlik zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

a) aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘nalishida:

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga tezkor, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, tegishli axborot tizimlari, resurslar va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash;

b) intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish yo‘nalishida:

intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish.

3. Adliya vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

a) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari hamda FHDYO organlari barcha huquq va vakolatlarini saqlagan holda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tuzilmasiga va bo‘ysunuviga o‘tkaziladi;

b) Vazirlik:

Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda intellektual mulk (intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

v) Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armalari ularni shakllantirish manbalari va foydalanish yo‘nalishlarini saqlagan holda barcha qoldiq mablag‘lari bilan birgalikda Vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi.

Agentliklarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari tegishli ravishda Vazirlikning Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Intellektual mulkni rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta nomlansin.

5. Vazirlik bir oy muddatda Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligining bino-inshootlari, tovar-moddiy boyliklari, zarur axborot tizimlari va boshqa mol-mulklarini hamda tegishli hujjatlarini qabul qilib olishni ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasidagi vazifalarni amalga oshirish hamda qonunchilik hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida 2022 yil 1 maydan boshlab quyidagi tartib o‘rnatilsin, unga muvofiq:

qonunchilikka muvofiq mahalliy ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda hududiy adliya organlari ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan tegishli qarorlarni qabul qilish (chiqarish)ga yo‘l qo‘yilmaydi;

Vazirlik tomonidan vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyati monitoring qilinadi hamda uning natijasi bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yil 1 apreldan boshlab:

mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi ob’ektlarining yagona bazasida (keyingi o‘rinlarda – Yagona baza) saqlanadi;

“Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul – operator etib belgilanadi;

ob’ektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga mualliflik huquqi ob’ektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtiriladi;

mualliflik huquqi ob’ektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan ob’ektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga kiritilgandan so‘ng, uning saqlovga qabul qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim qilinadi.

8. Vazirlik:

2022 yil 1 iyulga qadar mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2023 yil 1 yanvarga qadar Yagona baza ishlab chiqilib, joriy etilishini ta’minlasin.

9. Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash;

intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash;

davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda yuzaga kelgan mehnat nizosini ko‘rish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish.

10. Vazirlik huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutiga quyidagi huquqlar berilsin:

tahlil va tadqiqot o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va axborotlarni, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida zarur statistik ma’lumotlar, tahliliy materiallar, hujjatlar va boshqa axborotlarni davlat organlari hamda tashkilotlaridan bepul tarzda so‘rash va olish;

davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyoti bilan Adliya vazirligi bilan birgalikda joyiga chiqqan holda tanishish;

tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun respublikaning yetakchi ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarining tajribali olimlari, boshqa xodimlari va ekspertlarini shartnoma asosida jalb etish;

shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘larni (ularni amalga oshirish xarajatlarini chegirib tashlagan holda) 80 foizgacha xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish tadbirlariga yo‘naltirish.

11. Belgilansinki, davlat tashkilotlaridagi ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lashga doir rag‘batlantirish shartlari Institut xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

12. Vazirlik tuzilmasida:

a) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida:

Xalqaro-huquqiy hamkorlik boshqarmasi, Xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi hamda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasidan iborat Xalqaro-huquqiy hamkorlik departamenti;

Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi hamda Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi negizida Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi;

Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi negizida Huquqiy xizmat ko‘rsatishni tartibga solish boshqarmasi;

Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi hamda Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi negizida Qonunchilikni tizimlashtirish va tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi tashkil etilsin;

b) Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligi qo‘shib olinishi munosabati bilan bo‘shayotgan shtat birliklari doirasida:

Davlat xizmatlari departamenti;

Intellektual mulk departamenti tashkil etilsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlikning yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari shtatlari birinchi navbatda Vazirlikka qo‘shilayotgan Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligi tizimi xodimlari hisobidan to‘ldiriladi.

Vazirlik ikki oy muddatda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, tuman (shahar) adliya bo‘limlari
va davlat xizmatlari markazlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda ushbu lavozimni ichki tanlov asosida yuksak malaka va yuqori professional tayyorgarlikka ega boshqaruv kadrlari bilan to‘ldirishni ta’minlasin.

14. Adliya vaziriga:

Vazirlik markaziy apparati, adliya organlari va muassasalarining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda, Vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy valyutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valyutasida to‘lash huquqi berilsin.

15. Vazirlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi” davlat unitar korxonasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi sifatida qayta tashkil etish;

Davlat xizmatlari agentligi huzuridagi “Davlat xizmatlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” davlat muassasasini Adliya vazirligi huzuridagi “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi etib qayta nomlash.

Belgilansinki, “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, shu jumladan, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarning davlat ekspertizasini va ular yuzasidan tegishli ma’lumotlar markaziy saqlovini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli tashkilot hisoblanadi.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

18. Vazirlik:

bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmonga muvofiq Vazirlikning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin;

uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q.Davletov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.D. Islamov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida 2022 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

     Prezidenti                                                                                                          Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 17 mart