French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning davlat xizmatlariga oid shikoyatlari ko‘rib chiqildi
14:08 / 2025-07-30

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 maydagi “Huquqiy eksperiment tariqasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq ma’muriy hujjatlar bo‘yicha nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Apellyatsiya kengashlari o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur kengash jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ma’muriy hujjatlar bo‘yicha nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.

Shunga ko‘ra, poytaxtimizda mazkur Apellyatsiya kengashining dastlabki majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Biznes-ombudsman devoni rahbariyati ishtirok etdi.  

Majlisda manfaatdor shaxslarning davlat xizmatlariga oid shikoyatlari atroflicha ko‘rib chiqilib, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ushbu kengashlar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yuzaga keladigan ma’muriy hujjatlar bo‘yicha nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan.

Mazkur qaror doirasida, eksperiment tariqasida 25 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha qabul qilingan ma’muriy hujjatlarning qonuniyligi Apellyatsiya kengashlari tomonidan kollegial va haq undirilmasdan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA