Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida davra suhbati tashkil etildi.
Turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Otajonov mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar yurt ravnaqi va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgani hamda bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosiga qaratilgan tadbirlar ham xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Keyingi yillarda xalqimizga yaratilayotgan sharoitlar, ayniqsa, pensiya tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgartishlar ijtimoiy himoyaning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Yangi islohotlar pensiya ta’minotining shaffofligi va adolatli taqsimotini ta’minlash, fuqarolarning mehnat staji va qilgan hissasiga qarab munosib ta’minot olishini kafolatlaydi. Bu o‘zgarishlar nafaqat bugungi nafaqa oluvchilar, balki kelajak avlod uchun ham munosib sharoit yaratishda muhim qadam hisoblanadi.
–Tadbir biz uchun o‘tgan davr yutuqlari sarhisobi va kelgusi ishlarni belgilab olishda muhim omil. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning ijtimoiy kafolatlari, jumladan, pensiya ta’minoti olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu huquqni ta’minlash maqsadida 1993 yil 3 sentyabrda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, 3 turdagi - yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini tayinlash, qayta hisoblash va to‘lash tartiblari belgilangan. Bugungi kunda jami 4,2 million nafar pensiya oluvchilarning 3,5 million nafari (83%) yoshga doir, 481 ming nafari (11%) nogironlik va 244 ming nafari (6%) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olib kelmoqda. Bu aholining 1 foizini tashkil etadi. Ahamiyatlisi, pensionerlarning real daromadini saqlab qolish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida pensiya miqdorlari har yili inflyatsiya sur’atlaridan kelib chiqib oshirib kelinyapti. Shu bilan birga, aholi uchun qator qulaylik yaratish maqsadida faoliyatimizda raqamlashtirish jarayonlari tizimli amalga oshirilmoqda. Bu jarayon ularning o‘z vaqtida nafaqasini olishini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – dedi Murodbek Otajonov.
Mutaxassilar qayd etganidek, so‘nggi yillarda tizimda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Pensiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi, pensiyalarni naqd va naqdsiz shaklda olish imkoniyatining yaratilishi, pensionerlar uchun jamoat transporti va yo‘lovchi poyezdlardan foydalanishda qo‘shimcha imtiyozlar berilishi, pensiya miqdorlari minimal iste’mol xarajatidan kam bo‘lmasligi ta’minlangani shular jumlasidandir.
Jamg‘armaning ijro etuvchi apparati bo‘limi boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayevning taqdimotda ta’kidlashicha, bugungi kunda tizimni raqamlashtirish yo‘nalishida ishlar jadal ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, Pensiya jamg‘armasi orqali ko‘rsatiladigan 11 turdagi xizmat proaktiv va elektron shaklga o‘tkazilgan.
–Jumladan, joriy yilning mart oyidan yoshga doir pensiyalar, iyul oyidan esa nogironlik pensiyalarini tayinlash fuqarolarning murojaatisiz “proaktiv” shaklga o‘tkazildi. 2025 yilning yanvar-avgust oylarida elektron va proaktiv xizmatlardan fuqarolar 2,2 million marotaba foydalangan. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, pensionerlar uchun yaratilayotgan qulayliklar ularning turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Jumladan, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, kommunal va transport sohalarida berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, pensiya to‘lovlarini o‘z vaqtida va qulay tarzda olish imkoniyati ularning kundalik hayotini yengillashtirmoqda. Bunday chora-tadbirlar keksalarning ijtimoiy himoyasi mustahkamlanishi va munosib hayot kechirishi uchun muhim omil hisoblanadi, – dedi N.Jo‘rayev.
[gallery-25229]
Shuningdek, davra suhbatida sohadagi kelgusi ishlar va rejalar atroflicha tahlil qilindi. Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 23 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Uning ishiga xalqaro moliyaviy tashkilotlar va xorijiy ekspertlar ham jalb etilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinishi va muhokama qilinishi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA