Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi
11:46 / 2022-09-07

Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan ishchi-xodimlarga joriy yilning 8 oyi davomida 557 mln. so‘mdan ziyod zarar to‘lovlari hamda ish haqiga tenglashtirilgan to‘lovlar undirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi ham fuqarolar islohotlarni o‘z hayotida sezishi yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Xususan, kengash tomonidan mehnat muhofazasiga oid masalalar bo‘yicha shahar va tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda fuqarolardan kelgan yozma va og‘zaki murojaatlar joyida atroflicha o‘rganilib, ish beruvchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Murojaatlarni o‘rganish davomida ish beruvchilarga kiritilgan taqdimnoma va talablarga asosan fuqarolarning huquqlari tiklanmoqda.

Marg‘ilon shahridagi "Muattar" ko‘chasi 9-uyda yashovchi A.Qoraboyev va boshqalar muqaddam Farg‘ona mexanika zavodida ishlab, kasb kasalligiga chalinganligi uchun zavod tomonidan sakkiz oy davomida zarar to‘lovi to‘lanmay kelinayotganligi haqida bergan arizasi o‘rganilganda, mazkur holat zavoddagi 37 nafar zarar to‘lovini olish huquqiga ega fuqarolarga ham to‘lovlar to‘xtatilganligi ma’lum bo‘ldi.

Murojaatni o‘rganish davomida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari bartaraf etish yuzasidan zavod direktori nomiga 2022 yil 23 mayda 12-sonli Taqdimnoma kiritildi. Taqdimnomaga asosida 37 nafar zarar to‘lovini olish huquqiga ega fuqarolarga 2022 yil 30 avgust holatiga jami 143 679 911 so‘m miqdorda zarar to‘lovlari undirib berildi.

– Inson qadri ulug‘langan yurtning ertasi ham ulug‘dir, – deydi A.Qoraboyev. – Biz buzilgan huquqlarimizni tiklashda amaliy yordam so‘rab, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashiga murojaat qilgan edik. Soha mutaxassislari tomonidan bizning murojaat qonun doirasi o‘rganildi. Natija buzilgan huquqlarimiz tiklanib, adolat qaror topdi.

Shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy yordam ko‘rsatish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat «Xalq banki» Toshloq tumani filiali xodimi N.Hasanova bilan 2022 yil 8 yanvar kuni oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa (avtohalokat) sodir bo‘lganligi, hodisa maxsus tekshirilgan bo‘lishiga qaramay, N-1 shakldagi dalolatnoma rasmiylashtirilmaganligi aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha «Xalq banki» Toshloq tumani filiali rahbariga sodir bo‘lgan baxtsiz hodisani belgilangan tartibda rasmiylashtirish va marhumning qaramog‘idagi zarar to‘lovini olish huquqiga ega oila a’zolariga zarar hamda biryo‘la beriladigan nafaqani to‘lab berish haqida 2022 yil 4 iyulda 10-sonli «Taqdimnoma» kiritildi.

Natijada filial tomonidan N.Hasanovaning balog‘at yoshiga yetmagan bir nafar farzandiga 8 638 536 so‘m oylik zarar to‘lovi (sakkiz oy uchun) hamda 233 240 632 so‘m biryo‘la beriladigan nafaqa pullarini to‘lab berish bo‘yicha topshiriq berildi. Natijada bank ma’muriyati tomonidan oylik zarar to‘lovi hamda biryo‘la beriladigan nafaqa puli jami 241 879 168 so‘m zarar to‘lovlari to‘lab berildi.

Marg‘ilonlik Sh.Abdullayev «Farg‘onasuvta’minoti» MCHJning Marg‘ilon shahar bo‘limida suv haydash bo‘limi operatori vazifasida ishlar edi. U bilan 2021 yil 15 oktyabrda baxtsiz hodisa yuzaga keladi. Mazkur voqea bo‘lim mutasaddilari tomonidan jamiyat rahbariyatiga yetkazilmay, sir tutiladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashining mas’ullari tomonidan ushbu holat o‘rganilib, «Farg‘onasuvta’minoti» MCHJ rahbariyatiga mazkur qonunbuzilish holatini zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha taqdimnoma kiritilib, holat ishlab chiqarish bilan bog‘langanligi bois N-1 shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Tibbiy mehnat ekspertizasi dalolatnomasiga asosan Sh.Abdullayevga 3-guruh mehnat nogironligi va professional mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi 40 foiz etib belgilanadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan «Farg‘onasuvta’minoti» MCHJ rahbariga kiritilgan taqdimnomaga asosan, jamiyatning Marg‘ilon shahar bo‘limi rahbariga nisbatan intizomiy chora ko‘rilib, Sh.Abdullayevga 23 080 776 so‘m oylik to‘lov summasi va biryo‘la beriladigan nafaqa summasi to‘liq to‘lab berildi.

«Farg‘onaagrokimyohimoya» XAJda ishlab, kasb kasalligiga chalingan 14 nafar mehnat nogironlarning jamiyat faoliyatining tugatilishi munosabati bilan zarar to‘lovlari bir necha oydan buyon to‘lanmay kelinayotganligi yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilinadi. Murojaatni ijobiy hal etilishi mutaxassis tomonidan nazoratga olindi. Natijada 14 nafar zarar to‘lovini olish huquqiga ega fuqarolarga 77 060 029 so‘m zarar to‘lovlari to‘lab berildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona tumanidagi 15-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi H.Ahmadjonova bilan 2021 yil 22 maydagi sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa (avtohalokat) haqida maktab ma’muriyati tomonidan belgilangan tartibda tegishli organlarga xabar bermaganligi, shu sababli baxtsiz hodisa maxsus tekshirilmaganligi aniqlangan. Olingan jarohat og‘irligi darajasidan kelib chiqib, TMEK tomonidan 2 guruh nogironligi umumiy asoslarda belgilangan. Mutaxassis navbatdagi TMEK ko‘rigida qatnashgan hamda komissiyaga N-1 shakldagi dalolatnoma taqdim etilgan.

Amaldagi normativ hujjatlarga asosan komissiya birlamchi ko‘rik dalolatnomasidagi nogironlik sababini mehnatda jarohatlanish, deb o‘zgartirib, 2 guruh nogironligi va 60 foiz professional mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasini belgilab bergan.

Maktab ma’muriyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan Farg‘ona tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri hamda 15-maktab direktoriga 2022 yil 1 avgustda 13-sonli «Taqdimnoma» kiritildi. Taqdimnomada H.Ahmadjonovaga oylik zarar to‘lovidan mavjud 6 898 906 so‘m qarz va 19 711 152 so‘m biryo‘la to‘lab beriladigan nafaqani zudlik bilan to‘lab berish majburiyati yuklatildi. Natijada Farg‘ona tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan jami 26 610 058 so‘m zarar to‘lovlari to‘lab berildi.

Yangi Marg‘ilon shaharchasi «Ali qushchi» ko‘cha 12-uy 30-xonadanda yashovchi fuqaro B.Sheraliyev «Normatov Murtazojon Tohirjon o‘g‘li» YATT tomonidan bir yil davomida to‘lab berilmagan zarar to‘lovini undirish yuzasidan joriy yil 14 fevralda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan Taqdimnoma kiritiladi. Taqdimnoma talabiga ko‘ra, 9 million so‘m zarar to‘lovidan mavjud qarz B.Sheraliyevga to‘liq undirib berilishiga erishildi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan 2022 yil 8 oyi davomida jami 557 mln. 763 ming 529 so‘m zarar to‘lovlari hamda ish haqqiga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berildi. Buning natijada 56 nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.



Sh. Rahimxojayev,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi