O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda parlament yuqori palatasining to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.
“Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni shular jumlasidandir.
Qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda. Xususan, qonunda biologik material, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish, genomga oid axborot va unga ishlov berish, odam DNKsining sud-biologik ekspertizasi shaxsning biologik qarindoshlari kabi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda.
Qolaversa, qonunga muvofiq, Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish ixtiyoriy va majburiy ravishda ro‘yxatga olish tarzida amalga oshirilishi, genomga oid axborotni olish, unga ishlov berish va uni muhofaza qilishning asosiy talablari belgilanayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, majlisda mamlakatimizda toshqin suvlari, sel oqimlari hamda ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Aholi bilan muloqotlar, ularning murojaatlari, joylardagi o‘rganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ushbu sohada hali ham qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizning gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududga ko‘chirish yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli gidrometeorologik va geologik xavfli hududlardagi 602 ta xo‘jalikdan 117 tasi, ushbu xo‘jaliklarda istiqomat qilayotgan 2 ming 476 nafar fuqarodan 624 nafarini xavfsiz hududga doimiy yashash uchun ko‘chirish lozimligi aniqlangan bo‘lsa-da, birgina 2020 yilning o‘n oyi yakuniga ko‘ra, faqatgina 9 ta xo‘jalikning 59 nafar fuqarosi doimiy yashash uchun xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan, xolos.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlarni toshqin suvlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalaridan muhofaza qilish maqsadida mutasaddi idora rahbarlariga kiritilgan taqdimnoma va ko‘rsatmalarga yuzaki yondashish, ijrosini to‘liq ta’minlamaslik holatlari mavjud.
Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan 2020 yilda kiritilgan 41 ta ko‘rsatmaning 6 tasi ijrosi bajarilmagan, 18 tasining ijrosi esa qisman bajarilgan.
Yana bir jihat. Daryolar va soylardan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi natijasida daryo va soy o‘zanlari chuqurlashib, suv oqimlari tezlashib, qirg‘oqlar yuvilishi, dambalar buzilishi, ko‘priklarning tayanch ustunlari yemirilishi kuzatilib, daryo qirg‘og‘iga yaqin masofada yashovchi aholi xonadonlari va iqtisodiyot ob’ektlariga xavf yuzaga kelmoqda, avtomobil ko‘priklari muddatidan oldin avariya holatiga kelib qolmoqda.
Buning natijasida Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida 300 ga yaqin aholi xonadonlariga xavf yuzaga kelgan. Qolaversa, toshqin suvlari, sel oqimlaridan zarar ko‘rgan mahalliy yo‘llardagi ichki ko‘priklarni ta’mirlash, qayta tiklashda muammolar mavjud.
Shu jihatdan senatorlar tomonidan mamlakatimizda toshqin suvlari, sel oqimlari hamda ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA