Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarni avrayotgan idoralar bilan murosasiz kurashiladi
18:09 / 2020-03-04

Davlat xizmatiga ehtiyoj sezgan odamlarni kechagi kunga qadar aldadik, bir parcha hujjatni deb ovora qildik, mabodo hojatini chiqarsak, “qoʻliga koʻz tikdik”.


Davlat xizmatiga ehtiyoj sezgan odamlarni kechagi kunga qadar aldadik, bir parcha hujjatni deb ovora qildik, mabodo hojatini chiqarsak, “qoʻliga koʻz tikdik”.

Biroq bugun zamon oʻzgardi. Fuqarolarga aynan davlat xizmatlarini koʻrsatadigan mutlaqo yangi tizim ishga tushdi. Butun mamlakat boʻyicha qogʻozbozlik, byurokratiya, korrupsiyaga chek qoʻyish uchun mazkur soha hatto aholi eshigigacha borib, sayyor xizmatni yoʻlga qoʻydi. Ammo, “oʻrgangan koʻngil oʻrtanaverar ekan”.

Navoiy shahrida faoliyat olib boradigan “Ishonch Gilam” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona tadbirkorlari tomonidan Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyati boshqarmasiga shikoyat xati tushdi.

Maʼlum boʻlishicha, mutasaddilar korxonaning elektr energiyasini hisobga olish uskunasini yechish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatini olish uchun Navoiy shahar DXMga murojaat qilgan. Markaz mutaxassislari murojaatni elektron tizim orqali Majburiy ijro byurosi Navoiy shahar boʻlimiga yuborgan. Mazkur murojaat boʻlim tomonidan shu kunning oʻzida Navoiy shahar Elektr taʼminoti korxonasiga yetkazilgan. Ammo, negadir murojaatga 128 ish kunida javob qaytarilgan.

Xoʻsh, nima deb uylaysiz, xuddi shu holatda murojaatchi kimdan norozi boʻlishi mumkin? Albatta, murojaat tashlagan tashkilotidan, yaʼni Davlat xizmatlari markazidan. Aslida esa xizmatni oʻz vaqtida amalga oshirmagan idora aybdor.

Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, mazkur huquqbuzarlikni Navoiy shahar Elektr taʼminoti korxonasi masʼul xodimi sodir etgan. Taʼminotchi korxona xodimi aynan shu xizmat turi boʻyicha hisoblagichlarni yechish, qiyoslashdan oʻtkazish, oʻrnatishni 9 ish kunida amalga oshirishi lozim edi. Biroq, Navoiy shahar elektr taʼminoti korxonasi xodimi Tavakkal Qodiraliyev (ismi oʻzgartirilgan) uchun 4 oy muddat nega kerak boʻlgan bu hech kimga maʼlum emas.

Xuddi shu xodimning keyingi “karomati” tufayli Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Navoiy Omad Savdo” MCHJ ham aziyat chekdi. Jamiyat rahbari Bozor Mavlonovning shikoyat xati izidan boshqarma xodimlari tekshiruv oʻtkazdi. Bu galgi huquqbuzarlik biroz antiqaroq. Toʻgʻrirogʻi, elektron tizim orqali elektr energiyasi hisoblagichlari “yechilgan” deb tashlangan xabar joyida borib tekshirilganida hisoblagich yechilmaganligi aniqlandi.

Inson omili aralashgan joyda elektron tizim ham bekor ekan, deb uylab qolasan kishi. Ammo vakolatli idora vakillari Davlat xizmatlari tizimini aldagani bilan fuqarolarni avray olmaydilar. Chunki ishi bitmagan murojaatchi baribir yana Davlat xizmatlari markaziga keladi.

Mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar hamda huquqbuzarning Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi boshligʻi nomiga bergan tushuntirish xatida ham oʻz tasdigʻini topdi.

Yuqoridagi holatlarda Tavakkal Qodiraliyev yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi va muddatlarini buzib, bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-5-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik holatini sodir etgan. Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan javobgar xodimga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, hech bir qoidabuzarlik javobsiz qolmaydi. Bugun bu kabi holatlar Davlat xizmatlari agentligi faoliyatiga nooʻrin ayblovlarni keltirib chiqarishi tayin. Ammo, tizim xodimlari fuqarolarni avrayotgan idoralar bilan murosasiz kurashadi. Joyida huquqbuzarlarga maʼmuriy, hatto jinoiy jazolar berilishi uchun xayrixohdir. Joriy yilning ikki oyi davomida aholiga aynan kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga 4 ta, viloyat boʻyicha 23 nafar mutasaddiga maʼmuriy choralar koʻrildi, jarimalar undirildi.

Adham Yarqulov,

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boʻlim boshligʻi