Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarimizni mojaroli hududlardan qaytarish, terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlari qanday ta’minlanmoqda? 
10:03 / 2022-03-02

Xalqaro terrorizm va ekstremizm dunyo bo‘ylab dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

Bu esa hushyorlikni, ekstremistik g‘oyalarning kelib chiqish manbalarini o‘rganishni talab etadi. Shu bilan birga, terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlarining ta’minlanishi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashish masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki mustaqillikning dastlabki yillari radikal g‘oyalarning tarqalishi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltirgan.  

O‘zbekistonda keyingi yillarda birorta ham terakt sodir etilmadi, lekin ayrim fuqarolar boshqa davlatlardagi jangovar harakatlarda ishtirok etgani sir emas. Bu  radikallashishga moyil shaxslar bilan bog‘liq muammoga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish va profilaktik choralar samaradorligini oshirish zaruratini tug‘dirmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda asosiy e’tibor terrorizmning tarqalishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar va sabablarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilmoqda. Bu borada ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish konseptual qayta ko‘rib chiqildi. «Mudofaa doktrinasi», «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi, «Milliy gvardiya to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi terrorizmga qarshi kurashish va profilaktika sohasidagi qonunchilikni mustahkamlash imkonini berdi. 
Terrorizmga qarshi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralar esa milliy qonunchilik va mamlakatning xalqaro huquqiy majburiyatlariga mos keladi. Shu bilan birga, bu jarayonda inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilishga ham e’tibor qaratilmoqda. 

Davlat siyosati terroristik jinoyatlarni sodir etishda aybdor shaxslarni reabilitatsiya qilish masalalariga yo‘naltirilgan. Ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, o‘z xatolarini anglab yetgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, normal hayotga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bir paytlar «qora ro‘yxatlar»ga tushgan, keyinchalik tuzalish yo‘liga kirgan shaxslarni ulardan chiqarish choralari ko‘rildi. 2017 yildan buyon 20 mingdan ortiq kishi bunday ro‘yxatlardan chiqarildi.

Prezidentimizning afv etish haqidagi farmoniga asosan, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida, ularning orasida o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida jinoyat sodir etgan 1 ming 324 nafar fuqaro afv etilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etildi.

Urush zonalariga borgan fuqarolarning ishlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonda maxsus komissiya faoliyat yuritmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, og‘ir jinoyat sodir etmagan va jangovar harakatlarda ishtirok etmagan shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

O‘zbekiston fuqarolarini mojaroli zonalardan qaytarish bo‘yicha «Mehr» gumanitar aksiyalari amalga oshirildi.  Aksiya natijasida 500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi, asosan, ayollar va bolalar yurtimizga  qaytdi. Ularning jamiyatga integratsiyalashuvi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan: ta’lim, tibbiy va ijtimoiy dasturlar, jumladan, uy-joy va ish bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, turli noqonuniy yo‘llarga kirib qolgan shaxslar keyinchalik qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, xalqimizdan kechirim so‘rab, tazarru qilayotgani, hayotlarini yangidan boshlayotganidir. 

 
A.Normo‘minov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi