Fuqarolarga yer maydoni ajratilganligi to‘g‘risida soxta arxiv ko‘chirmalari yozib berilgan
Buxoro viloyati Olot tumanida fuqarolarga soxta arxiv ko‘chirmalari yozib berilganligi aniqlandi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman davlat arxivi mas’ul shaxslari 11 ta holatda fuqarolarga yer maydoni ajratilganligi to‘g‘risida soxta arxiv ko‘chirmalari yozib berganliklari aniqlangan.
Natijada fuqarolar tomonidan ushbu ko‘chirmalar davlat xizmatlari markaziga taqdim qilingan. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan jami 1,65 gektar yer maydoniga qurilgan uy-joylarga asossiz mulk huquqi e’tirof etilib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA