Mamlakatimizda fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da bu boradagi ishlarning ko‘lami kengaydi.
Farg‘ona viloyati bosh tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 6 ming 123 nafar kishiga yangi, 12 ming 861 nafar kishiga qaytadan nogironlik guruhlari belgilangan. 616 nafari sog‘lomlashtirilib, 530 nafarining salomatligi qisman tiklangan. Fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarsiz tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayot tarzini yuritish hamda o‘z huquq va salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini kengaytirish, reabilitatsiya qilishga to‘g‘ri yo‘naltirish dolzarb vazifalar sanaladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 noyabrdagi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Qaror asosida joriy yilning 1 dekabridan boshlab yangi tartib o‘rnatildi, – deydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati Bosh tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi raisi Ilhomjon Qo‘qonboyev. – Shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmagan holatda nogironlikni belgilash biriktirilgan hududlarga chiqib ko‘chma majlislarda, shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda hamda sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish orqali tashkil etilmoqda.
Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxati asosida fuqaro ishtirokisiz ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanmoqda. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
[gallery-5204]
Farg‘ona viloyati tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan 1 dekabrdan boshlab 85 nafar fuqaroga nogironlik xulosasi 39 ta kasallik ro‘yxati asosida sirtdan belgilandi. 95 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uyida va shifoxonalarga borib ko‘rikdan o‘tkazildi. Endilikda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Viloyatda 2 ta pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, binolar tanlandi va ular jihozlar bilan ta’minlandi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari, viloyat tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan ishchi guruh tuzilib, 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarni tibbiy hujjatlari yangi tashkil etilayotgan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga topshirilmoqda. Respublika bo‘yicha barcha tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan 16 yoshdan katta nogironligi bo‘lgan shaxslar va 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarning ma’lumotlari «TIEK elektron bazasi»ga kiritilgan va byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, davlat xizmatlari agentligi, FXDYO bo‘limlari bilan yagona platforma orqali ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA