Urganchda ana shu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, palataning Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari, Respublika byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan Xorazm viloyat mahalliy Kengashlari deputatlari, viloyati pensiya jarg‘armasi, mazkur yo‘nalishdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar ko‘mitasi a’zolari O.Tojiyev, A. Ismoilov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda fuqarolarga kafolatli pensiya ta’minlashning huquqiy asoslari, kafolatli pensiya tizimini yaratishda amalga oshirilgan ishlar va tizimni isloh qilish bo‘yicha kelgusida rejalashtirilgan chora-tadbirlar, shuningdek “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni”ning Xorazm viloyatidagi ijrosi haqida ma’lumotlar berdi.
[gallery-25589]
Har qanday ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biri – fuqarolarning keksaygan chog‘ida munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratishdir. Bu esa, eng avvalo, adolatli va kafolatli pensiya tizimini shakllantirishni taqozo etadi.
– Hozirgi global iqtisodiy o‘zgarishlar, demografik dinamika va mehnat bozoridagi transformatsiyalar nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar ko‘mitasi a’zosi Adhambek Ismoilov. –Mamlakatimizda pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish va sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Zero, fuqarolarga kafolatli pensiya tizimini yaratish adolatli ijtimoiy davlat sari muhim qadamdir.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan savollariga atroflicha javoblar oldilar.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari