Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolarga ixcham issiqxona qurilmoqda
19:38 / 2025-10-17

Buxoro tumanida aholining bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va tomorqadan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda tuman hududidagi 36 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘nlab oilalar o‘z hovlisi va tomorqalarida zamonaviy issiqxonalar barpo etib, ro‘zg‘or uchun zarur sabzavot va ko‘kat mahsulotlarini yetishtirish bilan birga, ortiqcha hosilni bozorga chiqarib, dehqonchilikni tadbirkorlikka aylantirmoqda.

Ayni kunlarda tumanda ehtiyojmand, ishsiz, nogironligi bor, probatsiya ro‘yxatidagi hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar uchun banklarning imtiyozli kredit mablag‘lari asosida jami 450 ta ixcham issiqxona qurilishi davom etmoqda.

Yangi issiqxonalarda yer bo‘sh qolmasligi uchun “to‘qsonbosti” uslubida ekin ekish ishlari boshlangan. Unda ko‘katlar, sarimsoqpiyoz, ismaloq kabi tezpishar mahsulotlar yetishtirilmoqda. Bu esa oilalarning barqaror daromadga ega bo‘lishi, ro‘zg‘or farovonligini oshirish va mahalliy bozorlarni yangi hosil bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

Har bir issiqxona 1 sotix maydonga ega bo‘lib, aholiga 7 million 500 ming so‘m evaziga sifatli va foydalanishga tayyor holatda topshirilmoqda.

Mazkur tashabbus Buxoro tumanida aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va tomorqadan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga amaliy misoldir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.