Parlament quyi palatasining majlisida Davlat byudjetining joriy birinchi yarim yillikdagi ijrosi muhokamalarida har bir yo‘nalishga ajratilgan mablag‘lar, xarajatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hisobot davrida aholi salomatligini ta’minlash sohasidagi islohotlar uchun 19,4 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 trln. so‘m ko‘p mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash sohasidagi dasturlar uchun 804 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga esa 6,5 trln. so‘m yo‘naltirilgan. Yagona ijtimoiy reyestrga kiritilgan 735 mingta oilalarga, bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar uchun 2,12 trln. so‘m, nogironligi bor bolalar uchun nafaqa to‘lovlariga 974 mlrd. so‘m ajratildi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlari doirasida fuqarolarga ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismi uchun 939 mlrd. so‘m ajratilgani aytib o‘tildi. Jumladan, 9 ming 300 nafar fuqaroga ipoteka kreditining boshlang‘ich badal to‘lovlari uchun 279 mlrd. so‘m ajratildi.
Bosh vazir o‘rinbosari shuningdek, o‘z ma’ruzasida qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi xarajatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar uchun jami 5,7 trln. so‘m, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 90 mlrd. so‘m subsidiya to‘lab berilgan. Iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga moslashish, yashil byudjetlashtirish masalalariga ham e’tibor qaratilib, xarajatlarning qariyb 10 foizi atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan xarajatlar deb tasniflangan.
Muhtarama Komilova, O‘zA