So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi soni yiliga qariyb 800 ming nafarga, yangi oilalar soni esa 300 mingtaga ortib borayotgani uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda 47 mingta uy foydalanishga topshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga oshgan.
Yangidan ishga tushirilgan uylar orasida qishloq hududlarining ulushi katta — 31,3 mingta xonadon aynan qishloq joylarda barpo etilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 7,9 mingta uy foydalanishga topshirilgan. Surxondaryo viloyatida 4,4 mingta, Toshkent viloyatida 4,9 mingta, Andijon va Buxoro viloyatlarida mutanosib ravishda 3,9 mingtadan uylar yakunlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,7 mingta, Farg‘ona viloyatida 3,6 mingta, Xorazm viloyatida esa 3,4 mingta uy aholiga berildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 2,7 mingta, Qashqadaryoda 2,8 mingta uy qurilib bitkazilgan. Nisbatan past ko‘rsatkichlar Jizzax va Navoiy viloyatlarida (1,6 mingta) qayd etilgan. Toshkent shahrida 2,3 mingta yangi xonadon aholiga taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA