Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar yig‘ini raisi saylovlari faol davom etmoqda
19:36 / 2025-05-15

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylov jarayonlari faol kechmoqda. AOKAda 1-14 may kunlari o‘tkazilgan fuqarolar yig‘ini raisi saylovlari bo‘yicha qanday natijalarga erishilgani xususida brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati rahbari Jobir Asqarov bu haqda batafsil ma’lumot berdi. 

E’tirof etilganidek, shu yilning 1 may sanasidan mamlakatimizda mahalla raisi saylovlariga start berildi. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq saylovlar may-iyul oylarida respublika bo‘ylab o‘tkazilishi belgilangan. 

Joriy yilning 1-14 may kunlari holatiga ko‘ra, respublikaning 208 ta tuman (shahar)laridagi 3 546 ta mahallada saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda 801 ming 133 nafar fuqaro vakillari ishtirok etdi. E’tiborga molik jihati, mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan saylovlarda aholi vakillari, keng jamoatchilik juda faol ishtirok etmoqda. Quvonarlisi, Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan unikal tizim – “mahalla yettiligi” faoliyati o‘tgan qisqa davrda o‘zini to‘liq oqladi. 

Mahalla xodimlari xonadonlarga kirib, oilalarning har bir vakili bilan alohida ishlagani bois yurtimizda kambag‘allik ko‘rsatkichi keskin kamaydi. Mahallaga vakolat, byudjet berilgani bois, aksariyat mablag‘ talab qilinadigan muammolar o‘z yechimini topmoqda. Natijada, aholining 83 foiz mummolari mahallaning o‘zida hal bo‘lmoqda. Bu, albatta, odamlarning mahallaga bo‘lgan ishonchini oshirdi. Bu esa o‘z navbatida, aholida mahalla taqdiriga daxdorlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda. 

Shu kungacha o‘tkazilgan saylovlarda qatnashgan 9 ming 563 nafar nomzod davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlarni mahallagacha tushirib, uni amalga oshirish maqsadida o‘zlarining Ustuvor dasturlari bilan aholiga taqdimot qildi. 

Saylov jarayonlari ochiqlik, oshkoralik va saylov prinsiplariga rioya etgan holda o‘tkazilib, ovozlarni aniqlash saylovchilar ko‘z o‘ngida saylov qutisini ochib byulletenlarni sanash, eng ko‘p ovoz olgan nomzodlarni e’lon qilish orqali amalga oshirildi. 

Hisobot davrida nomzodlarning 3 ming 546 nafari mahalla raisi etib saylandi. Jumladan, saylangan raislarning 448 nafari (13,9 foiz) ayollarni, 207 nafari (6 foiz) tuman (shahar) kengashlari deputatlarini tashkil etadi. 

O‘tkazilgan saylovlarning 2 ming 881 tasi umumta’lim maktablarda, 133 tasi litsey, kollej, texnikumlar, 23 tasi oliy ta’lim muassasalari, 79 tasi musiqa va san’at maktablari, 26 tasi korxona va tashkilotlar, 112 tasi to‘yxonalar, 52 tasi mahalla guzarlari, 85 tasi mahalla binosi, 101 tasi madaniyat binosi va boshqa joy ob’ektlarida tashkil etildi. 

Saylangan mahalla raislarining 26 nafari (0,7 foiz) 30 yoshgacha, 644 nafari (18,2 foiz) 31-40 yoshgacha, 1 111 nafari (31,3 foiz) 41-50 yoshgacha, 1 350 nafari (38,1 foiz) 51-60 yoshgacha, 415 nafari (11,7 foiz) 60 yoshdan oshgan. 

1 ming 17 nafari (28,7 foiz) o‘qituvchi, 648 nafari (18,3 foiz) iqtisodchi, 481 nafari (13,6 foiz) muhandis, 29 nafari (1 foiz) shifokor, 124 nafari (3,5 foiz) huquqshunos, 185 nafari (5,2 foiz) agronom, 41 nafari (1,2 foiz) quruvchi, 1 021 nafari (28,8 foiz) boshqa mutaxassislikni tashkil etadi. 

Saylov jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda. Shu paytga qadar post, maqola, reportaj, videorlik va boshqa ko‘rinishlarda 5 mingga yaqin materiallar e’lon qilindi. 

Joriy yilning 11-20 may kunlari respublika bo‘yicha 201 ta tuman (shahar)dagi 2659 ta mahallada saylovlar o‘tkaziladi. Unda 
7 976 nafar nomzod va 769 mingdan ortiq vakilning ishtiroki kutilmoqda. 

Saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarda yuzaga kelgan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda "Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari" vakolatli organ hisoblanadi.

Saylov jarayonlari davrida qonunbuzilish yoki boshqa holatlar yuzaga kelgan taqdirda fuqarolarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va ko‘rib chiqishga mas’ul organlarga tegishli tartibda yo‘nalitirish va murojaatlarini amaldagi qonunchilikka asosan ko‘rib chiqilishini ta’minlash zarur. Shu maqsadda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining 1276 qisqa raqamli "Call-markazi"da fuqarolar yig‘ini raisi saylovlari bilan bog‘liq muammo va murojaatlar yuzasidan qo‘ng‘iroqlar qabul qilinmoqda. 

Bugungi kunda 1276 qisqa raqamli "Call-markazi"ga fuqarolardan 11 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, tegishli tartibda hududiy komissiyalarga yo‘naltirilgan. 

N.Usmonova, O‘zA