Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasidagi janjalga nima sabab bo‘ldi?
14:39 / 2023-04-15

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan Andijon viloyati Shahrixon tumanida ichki ishlar bo‘limi xodimlari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyatli holat, ichki ishlar xodimining fuqaroni urayotganligi tasvirlangan videolavha aholi o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.

Yuz bergan, barchani jiddiy tashvishga soladigan ushbu holatni albatta, hech kim oqlamaydi. Ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi  ziddiyat qanday bo‘lmasin, lekin yakuni bu darajaga borib yetmasligi lozim edi.  

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati tomonidan quyidagi ma’lumotlar taqdim etildi:  

“Holat o‘rganilganda ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 13 aprel kuni Shahrixon tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixolog, mayor S.Kamolitdinov “Eshonqishloq” mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtida, mazkur mahalla hududidan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh. boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomashina yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, ikki nafar 2006 va 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalarni transportning yukxonasida olib ketayotganligini ko‘rib, to‘xtatgan.

Avtomashina haydovchisi bolalar yukxonadan tushib qolishi bilan voqea joyidan yashiringan. Shundan so‘ng holatni rasmiylashtirish maqsadida mayor S.Kamolitdinov va hudud profilaktika inspektori kapitan D.Qosimov “Quruqsoy” mahallasida joylashgan 25-sonli Huquq tartibot maskaniga kelib, voyaga yetmagan bolalar bilan suhbatlashayotganlarida, u yerga “Labo” avtomashina haydovchisi Sh.Sh., uning akasi 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. va tanishi 1992 yilda tug‘ilgan J.B.lar kelib, avtomashinaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llamaslikni, avtomashinani jarima maydoniga joylashtirilishi go‘yoki uning tadbirkorlik faoliyatiga ziyon yetkazishini vaj qilib xodimlarning harakatlariga keskin qarshilik ko‘rsatib, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjal uyushtirib, mayor S.Kamolitdinovga tan jarohati yetkazishgan.

Natijada, tibbiy xulosaga ko‘ra mayor S.Kamolitdinovga “Bosh yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap yelka ichki yuzasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘karishi, milk yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi” tashxisi qo‘yilib, fuqaro B.Sh.da «Bo‘yin old qismida shilinma jarohati” mavjudligi aniqlangan.

“Labo” avtomashina haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Voqea ishtirokchilari Sh.Sh., B.Sh. va J.B.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Andijon viloyati IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Andijon viloyati IIB Axborot xizmati”.

Huquqiy-demokratik, fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda har bir fuqaro nafaqat haq-huquqlarini, balki burchlarini  ham yaxshi anglab yetishi muhimdir. Fuqarolar kim bo‘lishidan qat’i nazar ana shu burchlarini bajarishi, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi, ichki ishlar xodimlari esa tinchlik-osoyishtalik posboni bo‘lish bilan birga, xalqimiz uchun xizmat qiladigan davlat xizmatchisi ekanligini unutmasligi lozim. Bu kabi noxush voqealar yuz bermasligi uchun fuqarolar, xodimlar o‘z zimmasidagi burchlarini so‘zsiz bajarishi, mas’uliyat va javobgarlikni anglab yetishi lozim.  

Ushbu holat bo‘yicha xulosa chiqarishga shoshilmaylik. Ishonamizki, ichki ishlar vazirligi mutasaddilari holat bo‘yicha  o‘z so‘zini aytadi, ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatiga adolatli huquqiy baho beriladi. Aybdorlar albatta, qonuniy jazosini oladi.  

F. UBAYDULLAEV, O‘zA