Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar uchun uy-joy olishga ajratilayotgan subsidiyadan foydalanish imkoniyati kengayadi
15:09 / 2023-04-06

So‘nggi olti yillikda shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Sababi esa oddiy: minglab oilaga baxt va omad ulashayotgan zamon talablari asosida bunyod etilayotgan yangi qiyofadagi uy-joylar, bilim dargohlari, tibbiyot, madaniy-maishiy, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish inshootlari shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Ayniqsa, qurib foydalanishga topshirilayotgan uy-joylarning ko‘lami kengayib, tannarxi arzonlashib borayotgani fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Jumladan, 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy qurib foydalanishga topshirilgan. Uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshdi. Bunda sohaga bozor tamoyillari joriy qilinib, yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllangani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘tgan 2022 yilda 31 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlangan bo‘lsa, bu yil “Yangi O‘zbekiston” massivlari bilan bir qatorda yana 161 ta boshqa massivlarda jami 90 ming xonadonni qurib foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ammo, faqatgina balandparvoz raqamlarni belgilab qo‘yish bilangina bu rejalarga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi

Jumladan, zamonaviy hamda arzon va sifatli uy-joy qurish borasidagi ishlar Andijon va Xorazm viloyatlarida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani tanqid qilindi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, qurilish hajmlarining o‘z vaqtida ta’minlanishi har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘sishiga ham katta turtki beradi. Yangidan bunyod etilgan massivlarda nafaqat aholi uy joy bilan shu bilan birga, munosib ish o‘rinlari bilan ham ta’minlanadi. Shu bois, aholi va quruvchilar uchun yangi yengillik va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Xususan, 1 maydan boshlab rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi. Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi.

Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilayapti. Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ko‘plab fuqarolar oylab subsidiya olish uchun hujjat to‘playdi, yakunda esa quruvchining o‘z vaqtida imoratni foydalanishga topshira olmasligi yoki, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar sabab subsidiya olish huquqidan mahrum bo‘lib qolayotgan edi. Endi esa ularga bu imkoniyatdan qayta foydalanish huquqi berilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida 2023 yilda tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion so‘mlik resurs yo‘naltiriladi. Shuningdek, aholining o‘z uyini energiya tejamkor materiallardan foydalanib ta’mirlashiga 10 yilga 16,5 foizdan 80 million so‘mgacha kredit berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Hech kimga sir emaski, bu yilgi qish faslining boshqa yillarga nisbatan sovuq bo‘lgani, shu kecha kunduzda yurtimizda yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan ortiq yog‘ayotgani joylarda kommunikatsiya tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida ham muayyan kamchiliklar borligini ko‘rsatib bermoqda. Shu bois, yig‘ilishda qurilayotgan uy-joylarni kommunikatsiya bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, hududlarda yo‘l, transport qatnovi oxirigacha hal qilinmagani uchun ko‘plab xonadon sotilmasdan turgani ta’kidlandi. Infratuzilma ob’ektlari joylashadigan yerlarni aniqlash kechikkani, loyihalar bir necha bor o‘zgargani sababli ayrim yangi massivlarda suv va oqova tarmog‘ini qurish ishlari orqada qolmoqda. Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga hozirda qurilayotgan massivlarda ichki yo‘llar bilan shaxsan shug‘ullanish, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tgan yil qurilgan uy-joylar infratuzilmasi bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalarni to‘liq hal qilish vazifasi yuklatildi.

Xulosa qilib aytganda, bugun inson qadrini yuksaltirish bosh maqsad bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda aholimizning uy-joyli bo‘lishi minglab oilalar ko‘ngliga iliqlik va xursanchilik olib kirishi tabiiy, albatta. Bu jarayonda ishlar sifatini nazorat qilish, subsidiya orqali berilayotgan uy-joylarning haqiqatdan ham uy-joyga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ajratilishini ta’minlash biz deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Maxfirat Xushvaqtova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O‘zA