Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Fuqarolar shirkat tizimidan ancha charchagan edi..."
13:39 / 2022-10-28

Kunlar sovishi bilan issiqlik tizimiga bo‘lgan ehtiyoj orta boshlaydi. Issiqlik ta’minoti, umuman, kommunal sohadagi ishlarning o‘z vaqtida, belgilangan me’yorlar asosida tashkil etilishi, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilishi aholining qulay sharoitlarda farovon hayot kechirishiga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamrohligida poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo‘lib, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, islohotlar natijasi bilan tanishdi. 

Xususan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, 24/7 ish rejimidagi dispetcherlik xizmati, kompaniyalarning moddiy-texnik bazasi, xususiy tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar, qo‘shimcha servis xizmatlari ko‘zdan kechirildi. Muxtabar Husanova sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlarni alohida e’tirof etar ekan, aholi qulayligi uchun yaratilayotgan bunday sharoitlarni mamlakatimiz bo‘ylab keng joriy etish lozimligini ta’kidladi. 
  
— Fuqarolar shirkat tizimidan ancha charchagan edi, xizmat sifati odamlarni umuman qoniqtirmas, hatto aholining aksariyat qismi ularga murojaat qilish befoydaligini ta’kidlashardi, — deydi xalq vakili. — Sohadagi hozirgi islohotlar odamlarning ishonchini oqlashga, aholining sifatli va xavfsiz hayot kechirishiga xizmat qiladi. Sohada olib borilayotgan ishlarni, qolaversa, aholining majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini birgalikda olib borishga tayyormiz. 
  
Mutasaddilar aholi bilan suhbatda bo‘lib, ularni qiynayotgan ayrim muammolarni, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va murojaatlarni tingladilar. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘rib chiqilib, tegishli tavsiyalar berildi. 


  
M.Komilova, O‘zA