Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar o‘z huquqiy muammolariga joyida yechim topmoqda
19:12 / 2025-07-28

"Hujjatlarni qanday rasmiylashtiraman?", "Qaysi idoraga murojaat qilishim kerak?", "Elektron raqamli imzoni qayerdan va qanday olaman?" — bu kabi savollar har bir fuqaroni bir paytlar o‘ylantirgan. E’tiborlisi, endi bunday muammolar joyning o‘zida yechimini topmoqda.

Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Yangiyer shahrining “Davlatobod” mahallasida Xovos tumani va Yangiyer shahar aholisi uchun navbatdagi sayyor huquqiy qabul tashkil etildi. Unda adliya organlari, davlat xizmatlari markazlari hamda malakali huquqshunos mutaxassislar ishtirok etib, aholiga bepul huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatishdi.

Sayyor davlat xizmatlari davomida fuqarolar elektron raqamli imzo olish tartibi, yerga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, meros, uy-joy, fuqarolik-huquqiy munosabatlarga oid masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil tushuntirishlar va aniq javoblar olishdi.

Qayd etish joiz, murojaatlarning soni va mazmun jihatdan xilma-xilligi aholi o‘rtasida huquqiy bilim va maslahatlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayrim fuqarolarga joyidayoq huquqiy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha yordam berildi. Talab etilgan hujjatlar shakllantirildi, tegishli idoralarga murojaat qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

– Sayyor davlat xizmatlari orqali fuqarolarning huquqiy savodxonligi oshib, muammolari tezda hal etilyapti, – deydi Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi huquqiy axborot shu’basi bosh maslahatchisi Dilnoza Umurzoqova. – Bu nafaqat huquqiy bilimini oshirish, balki davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbir doirasida qabul qilingan murojaatlardan ba’zilari shu yerning o‘zida hal etildi, yechim talab qiluvchi masalalar esa nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga yuborildi. Qabul ochiq va bepul tarzda o‘tkazilgani aholiga qulaylik yaratib, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oldi.

Ayni paytda bunday Sayyor davlat xizmatlari nafaqat Yangiyer shahrida, balki Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Bu kabi jarayonlar huquqiy yordamni yanada aholiga yanada yaqinlashtirish, har bir fuqaroga o‘z muammosini erkin bayon etish va yechim topish imkonini bermoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri