O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega.
Fuqarolarga davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har qanday mansabdor shaxs buzilgan yoki nizolashayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan mannfaatlarini himoya qilish uchun qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli. Demak, sudlar manfaatdor shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘li bilan odil sudlovni amalga oshiradi.
Odil sudlovning faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi Konstitutsiyada, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda va boshqa hujjatlarda o‘z ifodasini topgan.
Fuqarolarning odil sudlovga to‘sqinliksiz erishishini ta’minlash uchun sud xarajatlarining ko‘p bo‘lmasligi, sud tomonidan davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi yoki ularni to‘lashning kechiktirilishi, malakali yuridik yordam olishga yo‘l qo‘yilishi, fuqarolarga sud himoyasidan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida sud idoralari xalqning yashash joylariga mumkin qadar yaqin joyda bo‘lishi kabi imkoniyatlar berilishi kerak.
Bu imkoniyatlarning ayrimlari bo‘yicha mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Davlatimiz rahbarining “Tuman va shahar sudlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan ayrim chekka tumanlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudlari tashkil etildi.
Fuqarolarning malakali yuridik yordam olishini yanada kengaytirish maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga va boshqa hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davrida to‘plangan tajriba shuni ko‘rsatdiki, endilikda davlatning ijtimoiy vazifasi o‘zgarmoqda. Endilikda hamma bilgan o‘sha mashhur haqiqat – miqdor ko‘rsatkichlari o‘z o‘rnini sifat ko‘rsatkichlariga bo‘shatmoqda.
Endilikda davlatning vazifasi davlat xizmatlari sifati va jamiyat bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligiga erishish uchun boshqaruvning barcha darajalarida resurslar va ko‘nikmalarni safarbar etish va birlashtirishdan iborat bo‘lishi lozimligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
bugungi Konstitutsiyaviy islohotlar fonida davlat boshqaruvida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirish”da ochiqlik (davlat xizmatining hisobdorligi, ochiq byudjet, axborot ochiqligi, fuqarolar va OAVning axborotdan foydalanish ochiqligi) juda muhim. Bundan ham hokimiyatga ishonch, shu jumladan, parlamentga, hukumatga, sudga ishonch muhim.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolarning odil sudlovga to‘sqinliksiz erishishini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar, o‘z navbatida, sudlar faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan fuqarolarni ta’minlashga, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Po‘latjon Ovulov,
Milliy gvardiya
Qashqadaryo viloyati qo‘riqlash bo‘linmasi
katta inspektori.
O‘zA