Bugungi kunda Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa savdo, moliyaviy xizmatlar hamda kommunal sohalardagi muammolarini hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tushayotgan murojaatlar har tomonlama o‘rganilib, aksariyati ijobiy hal etilmoqda.
Hududlar kesimidagi ayrim misollar buning amaliy isbotidir.
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaning ishonch telefoni orqali Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning yangi xarid qilgan Samsung A 56 telefoni nosoz chiqqanidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida haqiqatdan telefonda nosozliklar mavjudligi o‘z tasdig‘ini topdi. Holat yuzasidan tadbirkorlik sub’ektiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni yuzasidan tushuntirish berildi. Natijada fuqaroning 4 million 800 ming so‘mga sotib olgan telefoni kafolat muddatida ta’mirlatib berilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati
Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro ijtimoiy tarmoq orqali razgovor_uz rus tili kurslariga yozilgani, lekin kurs sifati uni qoniqtirmagani sababli amalga oshirilgan to‘lov summasini qaytarish yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida, razgovor_uz rus tili kurslari uchun to‘langan 1 million 300 so‘mga yaqin pul mablag‘i iste’molchiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Toshkent shahar
Hududiy boshqarmaga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro N.S.ning murojaati kelib tushdi. Unda “Welness Group Prime” MCHJdan oshxona jihozlarini sotib olgani, biroq ushbu jihozlar aynan reklamada berilganidek emasligi, ya’ni sifati pastligi sababli shartnomani bekor qilish hamda tovarga to‘langan pul mablag‘ini qaytarib ololmayotgani yuzasidan norozilik bildirgan.
O‘rganish ishlari natijasida “Welness Group Prime” MCHJ tomonidan fuqaro bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, to‘langan 13 million so‘mdan ortiq pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro K.X.ning tabiiy gaz ta’minotidan xonadoniga nisbatan asossiz qarzdorlik hisoblanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgani, ushbu holatni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida “Hududgaz Sirdaryo” GTF tomonidan iste’molchiga nisbatan hisoblangan 13 million so‘mdan ziyod noreal qarzdorlik yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bekor qilinishi ta’minlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA