Fuqaroning bir og‘iz murojaati ortida katta umid, adolatga ishonch va yechim kutib turgan muammo bo‘ladi. Ana shu ishonchni oqlash, har bir murojaatga e’tibor bilan yondashish esa Raqobat qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida fuqarolar manfaati ustuvor ahamiyat kasb etib, ko‘plab muammolar o‘z yechimini topmoqda.
Xususan, hududlar kesimida bir qator murojaatlar ijobiy hal etildi. Andijon viloyatida fuqaroning sifatsiz mahsulot uchun to‘lagan 647 ming so‘m mablag‘i qaytarildi. Jizzax viloyatida fuqaro nomidan noqonuniy yuborilgan kredit arizalari bekor qilindi. Navoiy viloyatida imtihon to‘lovi bilan bog‘liq muammo bartaraf etilib, mablag‘ to‘liq qaytarildi. Toshkent viloyatida esa bank orqali o‘tkazilgan pul mablag‘ining qolgan qismi fuqaroga qayta undirib berildi.
Bunday ijobiy natijalar Raqobat qo‘mitasi faoliyatining ochiqligi, fuqarolar bilan muloqot samaradorligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifa ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.
N.Rahmonova, O‘zA