Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar ishonchi – adliya faoliyati mezoni
15:20 / 2025-09-15

Sirdaryo viloyatining Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar–avgust oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, mahalliy jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda adliya bo‘limi boshlig‘i Safarboy Tog‘ayev hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, asosiy ko‘rsatkichlar hamda aholiga yaqindan ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 oy mobaynida bo‘limga kelib tushgan 18 ming 271 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 12 ming 131 tasi qanoatlantirilgan. Shu bilan birga, aholiga 56 ming 410 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan. Bo‘lim tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlar soni esa 221 tani tashkil etdi.

Aholi muammolarini o‘rganish va ularga yordam berish maqsadida "uyma-uy" yurish usulida 10 ming 411 ta xonadonda o‘rganish ishlari olib borilib, 9 ming 417 ta huquqiy muammo aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi (FHDYO) yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, hisobot davrida 2 634 ta tug‘ilish, 1 424 ta nikoh, 270 ta nikohdan ajralish va 595 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Shuningdek, aholi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirildi. Joylarda huquqiy maslahat kunlari o‘tkazildi, maktab va kollej o‘quvchilari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi, turli mavzularda seminar va uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jamoatchilik bilan muloqotning samarali shakllari yo‘lga qo‘yilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholidan kelib tushgan savollarga javob berish, huquqiy maslahatlar taqdim etish amaliyoti kengaytirildi. Bu esa aholi va adliya tizimi o‘rtasida ochiq va ishonchli munosabatlarni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Safarboy Tog‘ayev o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidladi:
– Fuqarolar ishonchi – bizning faoliyatimizdagi eng muhim mezon. Har bir murojaat ortida inson taqdiri, hayotiy ehtiyoji turadi. Shu bois, adliya tizimi xizmatlarini yanada shaffof, tezkor va xalqchil qilishga intilyapmiz, – dedi u.

Anjumanda hisobot natijalari bilan birga huquqiy targ‘ibot va aholiga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar ham tilga olindi. Shuningdek, kelgusida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat xizmatlarini yanada shaffof va sifatli bajarish, murojaatlarga tezkor yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

G‘ulom Primov, O‘zA