2025 yilda Raqobat qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uylardan xonadon xarid qilish bilan bog‘liq 1 700 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning 76 foizi ijobiy hal qilinib, fuqarolar foydasiga 22,1 mlrd. so‘m qayta hisob-kitob qilindi.
Murojaatlarning asosiy qismi uylarning ta’mir sifati bilan bog‘liq (42,9 foiz), kommunikatsiya tarmoqlari (40,8 foiz), uylarni o‘z vaqtida topshirmaslik (16,3 foiz)ni tashkil etgan.
Qo‘mita tomonidan 130 ga yaqin quruvchi–iste’molchi shartnomalari o‘rganilib, aksariyat hollarda shartnomalarda muhim talablar: qayta hisob-kitob mexanizmi, ob’ektni topshirish muddati, kechiktirish uchun penya, kafolat muddati va nuqsonlarni bartaraf etish majburiyatlari belgilanmagani aniqlandi.
Shuningdek, shartnomani bekor qilish masalasida ham jiddiy kamchiliklar kuzatilib, ko‘p holatlarda shartlar faqat quruvchi manfaatlarini himoya qilgan. Ayrim shartnomalarda to‘lovni qaytarish muddati asossiz ravishda 30-180 kundan 24-36 oygacha etib belgilangan.
Bundan tashqari, ayrim ob’ektlarda shartnomalar “Agent” yoki “Tijorat vakili” orqali rasmiylashtirilib, qurilishga mas’ul quruvchi tomonidan imzolanmagan holatlar ham aniqlangan. Bu esa iste’molchilar huquqlarining buzilishiga va quruvchining javobgarligini belgilash imkoni yo‘qolishiga olib keladi.
Qo‘mita tomonidan 120 ta turar joy majmuasi reklama holati ham o‘rganilib, ruxsat hujjatlarisiz va elektron ro‘yxatga kiritilmagan ob’ektlar reklama qilingani ma’lum bo‘ldi. Natijada qurilish kompaniyalari va reklama beruvchilarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi hamda qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, ruxsat hujjatlariga ega bo‘lmagan qurilish ob’ektlarini reklama qilmaslik bo‘yicha OAV va reklama agentliklariga ogohlantirish xatlari yuborildi.
Mazkur tahlillar asosida ishlab chiqilgan takliflar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda tegishli nazorat inspeksiyalariga taqdim etildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA