Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli
18:10 / 2023-04-22

Har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina, ko‘zlangan ezgu maqsad, ulug‘vor vazifa hamda samarali natijalarga erishiladi. Huquqiy soha rivoji islohotlar shiddatidan ortda qolsa, ko‘zlangan marralarga erishish mushkul.

Shu bois, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga mos va xos bo‘lgan, Yangi O‘zbekistonga munosib Konstitutsiyani yaratish maqsadida Konstitutsiyaviy islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirmoqda. Unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olingan, ko‘plab yangi normalar o‘z ifodasini topmoqda. Buni amaldagi Konstitutsiyamizdagi 128 ta modda 155 taga ko‘paygani, 65 foizga yangilanayotganida ham ko‘rishimiz mumkin.  

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda yoshlar manfaatlari, ta’lim-tarbiya jarayonlariga alohida o‘rin berilmoqda. Zero, mamlakatimiz ertangi taraqqiyotida yoshlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi. Shu bois, yurtimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi yo‘lida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Ilm olaman degan har bir insonga keng imkoniyat yaratib berilmoqda.  

Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan yoshlar  huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish yanada keng kafolatlanayapti. Yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratilayotgani va bu  masala  davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilayotgani alohida e’tiborga molik.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Bosh hujjatimizning 50-moddasida har kim ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi o‘z aksini topmoqda. Ushbu norma uzluksiz ta’lim tizimi, ya’ni maktabgacha ta’limdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim jarayonlarining samaradorligini ta’minlashda davlatning majburiyatini yanada oshiradi. Uzluksiz ta’lim tizimi rivojlanishiga, bugungi davr talablari darajasida taraqqiy etishiga xizmat qiladi.  

Shuningdek, mazkur moddada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi ham mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu esa yurtimizda inson qadri ulug‘ligi, har bir bola davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida ekanligini o‘zida namoyon etadi.  

Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi, oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi belgilab qo‘yilmoqda.  

Qayd etish kerakki, ushbu normalar yoshlarning davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Bu esa bilimga chanqoq minglab yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar farzandlarining oliy ta’lim olishi bilan bog‘liq moddiy to‘siqlarni bartaraf etadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, bevosita xalqimiz ishtiroki, talabi va takliflari asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining har bir moddasi xalqchilligi, inson manfaatlari ko‘zlangani bilan ahamiyatlidir. Shunday ekan, yurtimiz tarixida ilk bor referendum orqali qabul qilinayotgan Konstitutsiyani qabul qilishda referendumda faol qatnashishimiz, o‘z ovozimiz bilan ushbu siyosiy jarayonlarga hissa qo‘shmog‘imiz lozim.

Oybek Toshmatov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Xorijiy tillar kafedrasi mudiri