Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar bepul yuridik yordam olishi mumkinmi?
12:21 / 2025-04-18

O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha asosiy shartnoma va konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Mazkur hujjatlarda bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish majburiyati nazarda tutilgan.

Nafaqat majburiyatlarni bajarish, balki aholining manfaatini o‘ylab davlatimiz tomonidan malakali yuridik yordam ko‘rsatishni samarali yo‘lga qo‘yishga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi ham yaratilgan. 

“Madad” nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori o‘rinbosari Uchqun Hakimov shu haqda ma’lumot berdi: 

– Mamlakatimiz Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi belgilangan. Mazkur konstitutsiyaviy normani amalda ta’minlash uchun “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.  

2023 yil 18 sentyabrda kuchga kirgan mazkur qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi. 

Qolaversa, bugungi kunda advokatlar tomonidan ham bepul, beg‘araz yuridik yordam ko‘rsatish amaliyoti mavjud. “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ham aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha, shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yo‘li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatilmoqda. Aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga ko‘maklashilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi farmoni bilan 148 tuman va shaharda huquqiy maslahat byurolari tashkil etildi. Hozirda joylardagi davlat xizmatlari markazlari binosida ham tizim xodimlari faoliyat yuritmoqda. 

“Madad” NNT va uning joylardagi huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar)ga huquqiy masalalar bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatilmoqda. 

Joriy yilning birinchi choragida 90 ming nafardan ortiq fuqaro murojaat qilib, o‘zlarini qiziqtirgan yoki boshqa hayotiy muhim masalalar yuzasidan malakali yuridik yordam oldi. 

Murojaatlar tahliliga qaraganda, ularning aksariyat qismi ijtimoiy himoya, pensiya va nafaqa masalalari, sud-huquq, oilaviy munosabatlarga taalluqlidir. Tahlillar murojaatlar soni 2024 yilning shu davriga mos ravishda 60 foizga oshganini ko‘rsatdi.   

Bundan tashqari, Prezidentimizning “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligi oshirilmoqda.  

Aholining huquqiy bilimlarini oshirib borish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan “Advice.uz” huquqiy axborot portali ham “Madad” tomonidan yuritilmoqda. Portalda huquqiy sohaga oid 40 ta bo‘lim mavjud bo‘lib, ularga 3 mingga  yaqin kontentlar o‘zbek va rus hamda ingliz tillarida kiritilgan.

Portaldan foydalanuvchilar soni 10 milliondan oshgan bo‘lib, bir kunlik foydalanuvchilar soni hozirda o‘rtacha 12 ming  nafarni tashkil etmoqda.

 “Gender-Madad” elektron huquqiy maslahatchi platformasidagi huquqiy ma’lumotlarning aksariyat qismi oilaviy munosabatlar, ayollarning huquqiy himoyasi, ularga yaratilgan imtiyozlar, ona va bola salomatligini muhofaza qilish kabi masalalarga oid.

“Biznesga maslahat” portali tadbirkorlarga yordamchi bo‘lmoqda. Unda tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning namunaviy shakllari ham joylashtirilgan. 

Muhim loyihalardan yana biri – bu “Bola huquqlari portali” bo‘lib, u 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ota-onalarga mo‘ljallangan. 

Adliya vazirligining “1008” va “1148” ishonch telefonlariga tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ham “Madad” ish olib bormoqda.  “1008” ishonch telefoni orqali joriy yilning 1-choragi davomida 13 ming 472, “1148” ishonch telefoni orqali 28 ming 133 qo‘ng‘iroq qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyati qonuniy asosda o‘z yechimini topdi.          

Norgul Abduraimova, O‘zA