Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolar, ayniqsa tadbirkorlar odil sudlovning sifatidan mamnunmi?
13:44 / 2022-08-31

Zamonaviy demokratik davlatchilik hokimiyatlar bo‘linishiga asoslanadi. Bu tamoyil davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlari, shuningdek o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimi mavjudligini nazarda tutadi.

Ushbu tizimdagi sudlarning vazifasi yuzaga kelgan nizolarni hal etish, adolatni tiklash va huquqbuzarlarga nisbatan jazo choralarini belgilash orqali fuqaro, jamiyat hamda davlat huquq va manfaatlarini qo‘riqlashga qaratilgan. Mustaqil, malakali va qonunga asoslangan sud tizimi bo‘lmasa, davlat taraqqiyoti va farovonligiga erishib bo‘lmaydi.

Shu bois O‘zbekistonda bu borada izchil ishlar olib borilmoqda. Sudlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Sud tizimining qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda.

Xo‘sh, fuqarolar, ayniqsa tadbirkorlar odil sudlovning sifatidan mamnunmi?

Umuman olganda, bu savolga ijobiy javob berish mumkin. Birgina 2020 yilda koronavirus pandemiyasi va joriy qilingan cheklovchi choralarga qaramay, sudlar tomonidan 440 ming fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy ishlar ko‘rib chiqildi. Qolaversa, 300-400 mingga yaqin ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ham ko‘rib chiqilganligini hisobga olish zarur.

Islohotlar bir joyda to‘xtab qolmaydi. 2021 yildan boshlab «bir sud – bir instansiya» tamoyili joriy etildi, bu esa bir sudning o‘zi bir sud ishini turli instansiya shaklida ko‘rib chiqish vakolatini bekor qildi. Sodda qilib aytganda, endilikda bir sud ishi nafaqat bir sudya tomonidan, balki mazkur sud tomonidan qaror qabul qilishning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Ishlar bir sudyaning sub’ektiv ixtiyoriga ko‘ra Oliy sudga o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligi mumkin bo‘lgan nazorat instansiyasi tugatildi. Buning o‘rniga kassatsiya tartibi joriy etildi, shunga ko‘ra Oliy sud barcha kelib tushgan kassatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari bilan nizolarni hal etishga mas’ul bo‘lgan ma’muriy sudlarning qat’iy ixtisoslashuvi ta’minlandi.

Jahon tendensiyalari bilan hamqadam bo‘lishga intilayotgan milliy sud jarayonlari bosqichma-bosqich axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga o‘tmoqda.

Biroq O‘zbekistonda sud tizimining ahvoli hali ham ko‘ngildagidek emas. Jumladan, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan BMT Inson huquqlari kengashiga 2020 yilda O‘zbekistondagi ahvol bo‘yicha ma’ruza qildi va mamlakatimizda sud va sudyalar faoliyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan so‘nggi yillardagi izchil islohotlarga yuqori baho berdi.

Buni AQSH Davlat departamenti ham 2021 yilgi O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli haqidagi hisobotida mamlakatda sud-huquq tizimi tadrijiy isloh etilayotganligini alohida qayd etgan.

Tabiiyki, O‘zbekistonda sud islohotlari shu erishilgan natija bilan to‘xtab qolmaydi. Sudlarimiz adolatli va xolis bo‘lishi, sudyalarimiz malakali va halol bo‘lishi uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

SUD IDORASIDA SUDYA – BOSH, QOLAVERSA, YAGONA

ISHNI HAL QILUVCHI SHAXS HISOBLANADI

So‘nggi yillarda adolatli sud-huquq tizimini yaratishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolardan biri– korrupsiya holatlari tobora o‘z yechimini topmoqda. Gap sudyalarning ezgu va murakkab mehnati uchun munosib maosh bilan ta’minlash haqida bormoqda. Endi hatto tuman darajasidagi har qanday yangi tayinlangan sudya ham milliy miqyosda olib qarasak, o‘ta munosib maosh oladi. Bu maosh nafaqat oddiy oilaning ehtiyojlarini qoplaydi, balki omonatni halol to‘plash va mulk sotib olish uchun ham yetarli.

Ushbu yo‘nalishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 231-moddasi dispozitsiyasiga aniqlik kiritish zarur. Ushbu moddaga ko‘ra, bila turib adolatsiz hukm, qaror, ajrim yoki qaror chiqarish besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha qilmish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, Germaniya Jinoyat Kodeksining 339-moddasida sud ishini yuritishda yoki hukm chiqarishda taraflardan birining foydasiga yoki zarariga qonunni qasddan noto‘g‘ri qo‘llagan sudya besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi. Nemis qonuni mazmunidan ko‘rinib turibdiki, jinoyat asosiy belgisi sudyaning huquqiy normani kimningdir foydasiga noto‘g‘ri qo‘llashidir.

Shu munosabat bilan, Jinoyat kodeksida 231-moddani quyidagi tahrirda bayon etish mumkin: “Adolatsiz sud hujjati chiqarish, ya’ni hukmda, qarorda,ajrimda yoki sudning hal qiluv qarorida qonun normalarini qasddan, bir protsessual taraf foydasiga yoki zarariga noto‘g‘ri qo‘llanishi».

Bundan tashqari, sudyalar faoliyati ko‘rsatkichlarini har yili umumlashtirish va baholash tartibini belgilash talab etiladi. Sudyalar oliy kengashi va sudyalarning malaka komissiyalari eng ko‘p bekor qilingan va o‘zgartirilgan sud hujjatlarini chiqargan sudyalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, ayni chog‘da qarorlarning bekor qilinishi sudyaning ishini baholashning yagona mezoni bo‘lmasligi kerak. Sudya faoliyatini baholashda uning tarmoq qonunchiligi va huquqiy doktrinani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, protsessual muddatlarning buzilishi, uning kasbiy saviyasini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, ijtimoiy ish yuklamasi va hokazolarni ham hisobga olish kerak.

Bu boradagi islohotlarning asosiy vazifasi sudyalar birorta ham noqonuniy qaror oqibatsiz qolmasligini his qiladigan faoliyat sharoitlarini shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak.

SUD ISHI TRANSPARENTLIGI – ODILLIK MEZONI BO‘LISHI LOZIM

bugungi kunda sudlar faoliyatiga ochiqlik va shaffoflik elementlari bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Sudlarimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) keng foydalanishga o‘tib borayotgani bu boradagi eng muhim qadam sifatida baholanadi. Sudlar faoliyatiga AKTni joriy etish chora-tadbirlari ilk bor 9 yil avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 2 avgustdagi PF–4459-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 dekabrdagi 346-sonli qarori bilan belgilangan edi.

So‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 4 oktyabrdagi PF–4570-son Farmoni, 2017 yil 30 avgustdagi PQ–3250-son qarori, 2020 yil 7 dekabrdagi PQ–6127-son qarori, 2020 yil 3 sentyabrdagi PQ–4818-son qarori qabul qilindi, ammo shunga qaramasdan sud-huquq tizimi faoliyatiga AKTni joriy etish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalda yetarli emas.

Nazarimizda, quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

– sud qarorlarini maxsus axborot bazasida majburiy e’lon qilinishi (axborot bazasi rasman yaratilgan, ammo amalda sud hujjatlarining atigi 5 foizini o‘z ichiga oladi);

– sud majlislarini audio-video qayd etish va elektron yozib olish uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish.

Milliy elektron sudlov tizimini yaratish tarixi alohida e’tiborga loyiqdir.

Natijada sudlar tomonidan axborot texnologiyalaridan past darajada foydalanish davom etmoqda va videokonferensaloqa tizimidan tashqari ular aholining keng qatlamlarini qamrab olmaydi. Misol uchun, fuqarolik sudlari da’volarning taxminan 3-4 foizini elektron shaklda qabul qiladi, qolaversa sud doirasida ular qog‘oz shaklga o‘tkaziladi.

Shundan kelib chiqib, sud-huquq faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni real joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.

Yuqoridagi chora-tadbirlar sud tizimi rivojlangan ko‘plab xorijiy mamlakatlarda, jumladan, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Estoniya, Latviya, Janubiy Koreya, Singapur va boshqalarda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Yana bir muhim masala – sud faoliyati to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar salmog‘ini oshirish lozim. Oliy sud saytida sud statistikasi e’lon qilinadi, ammo batafsil tahlil bermaydi, vaholanki bu huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun juda muhim. Shu bois ham o‘tgan yili qancha alohida jinoyat sodir etilgani, qaysi ishlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘p ko‘rilgani, qaysi nizolar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘p hal etilgani aholiga to‘liq ma’lum emas.

Sudlar o‘z hujjatlarini e’lon qilishga, internet tarmog‘ida advokatlar, talabalar va keng manfaatdor shaxslar uchun qulay bo‘lgan ma’lumotlar bazasini yaratish zarur.

Sud jarayonini imkon qadar shaffof qilish uchun protsessual qonunchilikni takomillashtirish ham juda muhim. Bu yo‘nalishda hali ko‘p ish qilish kerak. Masalan, fuqarolik protsessi ishtirokchilari tomonidan faqat sudyaning ruxsati bilan sud majlisini audioyozuvga olish qoidasini keltirish mumkin (FKning 208-moddasi). Bunday cheklash na Ma’muriy protsessual kodeksida (143-modda) na Iqtisodiy protsessual kodeksda (165-modda) mavjud. Bundan tashqari, bunday to‘siq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning fuqarolik protsessida ko‘zda tutilmagan. Shu bois mazkur qoidani bekor qilish taklif etiladi.

SUDYALARNING ISH YUKLAMASINI

KAMAYTIRISH – ISH SIFATINI KUCHAYTIRADI

Sudlarning ish yuklamasi shunday bo‘lishi kerakki, sudlar adolatli sud muhokamasi va odil sudlovdan foydalanish standartlariga javob bera olishi shart. Biroq, bizning sudyalarimiz ko‘p yillardan beri haddan tashqari ko‘p ishlarni ko‘rib chiqadilar.

Tabiiyki, ish yuklamasining ko‘pligi odil sudlovning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuni inobatga olgan holda, har oyda o‘rtacha bir sudya tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan ishlar sonini belgilab beruvchi sud yuklamasi me’yorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur.

Shuni ham inobatga olish kerakki, agar ma’lum bir tumanda ish yuklamasi uzoq vaqt davomida standartlardan oshib ketsa, ushbu sudda sudya qo‘shimcha shtati lavozimlari joriy etilishi shart.

Yuklamaning bir xilligini ta’minlash uchun taklif qilingan tizim ko‘plab xorijiy mamlakatlarda belgilangan. Masalan, AQSHda sudyalar konferensiyasi (sud hokimiyati organi) zarur hollarda Kongressga doimiy va muvaqqat sudyalarning yangi lavozimlarini belgilash bo‘yicha takliflar kiritadi. Shunga o‘xshash tartib Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda qo‘llaniladi.

Sud hokimiyati maqomini mustahkamlash borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan hayotiy muhim chora-tadbirlardan yana biri – ijro tizimi samaradorligini tubdan oshirishdir. Bu borada so‘nggi yillarda bir qator tashkiliy va huquqiy o‘zgarishlar amalga oshirildi, fikrimizcha, sud qarorlarini amaliy ijrosi ahvoli maqbul darajada deb aytish qiyin. Shu bois, ijro etuvchi organlar tomonidan ijro choralarini asossiz ravishda kechiktirish oqibatida da’vogarlarga yetkazilgan zararni undirish tartibini belgilab, ushbu sohada moddiy rag‘batlantirishdan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Fikrlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, odil sudlovni ta’minlash u bilan bog‘liq tashkiliy-moliyaviy muammolarni hal qilish bilan bog‘liq murakkab vazifa oldimizda turibdi.

Yuqoridagi takliflarni hayotga tatbiq etish odil sudlovni amalga oshirish sifatini oshirishga, sud-huquq sohasidagi ko‘plab korrupsion omillar va xavf-xatarlarni bartaraf etishga, O‘zbekiston sudlari haqiqatan ham adolat maskaniga aylanishiga xizmat qiladi.

 

Otabek Bobojonov,

TDYUU Magistratura va sirtqi ta’lim

fakulteti dekani