“O‘zenergoinspeksiya”ning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida qoidabuzarlik holati aniqlandi. Izboskan tumanidagi “Anorzor“ mahallasida yashovchi fuqaro I.S.ga tegishli xonadonda tashkil etilgan “bunker“dan gaz ta’minoti korxonasiga qarashli 140 dona maishiy gaz balloni noqonuniy saqlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu gaz ballonlar aholi xonadoniga imtiyozli ravishda tarqatilishi lozim bo‘lgan bo‘lib, ular texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga zid holda saqlangan. Mazkur qoidabuzarlik bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, inspeksiyaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi o‘tkazgan nazorat tadbirida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Unga ko‘ra, Romitan tumanidagi “A.F.F.“ fermer xo‘jaligida elektr qurilmalari shartnomasiz tarzda tarmoqqa ulangani aniqlandi. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 943,7 million so‘mlik zarar yetkazilgani hisoblandi.
Holat yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tegishli tashkilotlar tomonidan iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bunday qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA