Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchli tizim
13:47 / 2023-07-25

Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar va o‘zgarishlar zamirida yurt tinchligi, xalqimiz manfaati va farovonligini ta’minlash maqsadi yotadi. Shu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun yurtimizda yetarlicha qonuniy asoslar yaratilib, ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Aholining davlat idoralariga ishonchini oshirish, har bir arizani “mantiqiy yakuniga yetkazish”, fuqarolarni rozi qilish, ularning manfaatlarini ifodalash, xolislikni ta’minlash bo‘yicha Xalq qabulxonasi tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasi hududdagi barcha davlat tashkilotlari, fuqarolar muammolari bilan ishlaydigan rahbarlar, boshqaruv organlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa. hududiy sektorlar, viloyat hokimligining barcha boshqarmalari, davlat idoralari, kommunal va xizmat ko‘rsatish sohalari korxonalari, jamoat uyushmalari va tashkilotlari, jamg‘armalar doimiy hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.  

Bu hamkorlik tuman Xalq qabulxonasiga umid bilan murojaat qilib kelgan har bir fuqaroning muammosiga yechim topishni tez va samarali hal etish imkonini bermoqda. Har bir murojaat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan, qabul qilingan qonunlarda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib, fuqaroga o‘z vaqtida javob berilishi ta’minlanmoqda.  

Fuqaro va davlatning manfaatlari, huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqligi yangilangan bosh qomusimizda ham belgilab qo‘yilgan. Xalq qabulxonalari aynan mana shu manfaatlar mushtarakligida fuqaroning manfaatlari to‘g‘ri va munosib tarzda ta’minlanishida asosiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Shuning uchun, bugun xalq qabulxonasi fuqarolarning davlat va uning organlari tomonidan e’tiborga olinmayotgan muammolarini hal etishda asosiy mexanizmga aylanganligi, aynan muammoga aloqador organga yetib borishida asosiy yo‘l desak, xato bo‘lmaydi.  

Fuqarolarning ehtiyoj va muammolarini hal etish jarayonida Xalq qabulxonalarining ish uslublari hamda vakolatlari zamon talablariga mos ravishda takomillashib bormoqda. Bugungi kunda Xalq qabulxonasi faoliyatida faqat “kabinetda”  o‘tirib fuqarolarni qabul qilish emas, joylarga chiqib sayyor qabullarni tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda ishtirok etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish amaliyoti keng o‘rin tutmoqda. Ushbu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashishga, ularning muammolarini hal etishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Zero joriy yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb belgilangan.  

Olib borilgan hamkorlik natijasida joriy yilning olti oyi davomida G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasiga fuqarolardan 1388 masalaga oid murojaatlar kelib tushgan.  Ularning aksariyati ijobiy hal etilib, qolganlari nazoratga olingan. Shu bilan birga, tuman Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar bilan ishlash, ko‘rib chiqish va hal etish darajasi yuzasidan doimiy monitoring hamda tahlillar olib borilmoqda. Shunga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan olti oyi mobaynida murojaatlarni ko‘rib chiqish borasida aniqlangan qonun buzilish holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan davlat idoralari, mutasaddi tashkilotlarga tuman Xalq qabulxonasi tomonidan uchta “taqdimnoma”, beshta taklif,  Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashiga ikkita axborot kiritilgan. Natijada to‘qqizta xodimga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan. Jumladan, 4 nafar mas’ullarga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilib, 3 nafar mas’ul ma’muriy javobgarlikka tortildi. 6 nafar xodimlar rasman ogohlantirilgan.  

Usmon Halimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi

Xalq qabulxonasi mudiri.

O‘zA