Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va ijtimoiy xavfli holatlarning oldini olish borasida sud organlari muhim o‘rin tutadi. Shu kunlarda amaliyotda kam uchraydigan, biroq ahamiyatli holat kuzatildi.
Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D. o‘z opasi N. bilan tuman sudi raisiga murojaat qilib, o‘zini alkogoldan majburiy ravishda davolatishni so‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, Keksa onasi bilan birga yashaydigan ushbu D.ning alkogolga bo‘lgan qaramligi hayoti va atrofdagilarga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Biroq, u mustaqil qaror qabul qilishga qiynaladi. Har kuni mayda-chuyda yumushlar bilan shug‘ullanadi yoki birovlardan pul so‘rab bir qultum ichimlik uchun mablag‘ yig‘adi. Keksa onasi va qarindoshlari ham uning bu “qiliq”laridan bezor bo‘lishgan.
Shu sababdan uning opasi N. sudga murojaat qilgan. Biroq, sud majlisida B.ning o‘zi ham sud raisidan o‘zini majburiy tartibda alkogolga qarshi davolash muassasasiga joylashtirishni so‘radi.
Sud ishida prokuror va D. istiqomat qiladigan mahalla profilaktika inspektorining fikri ham tinglandi. Sud tomonidan ariza har tomonlama o‘rganilib, fuqaroning holati, tibbiy xulosalar va qonun talablari inobatga olindi.
[gallery-27629]
Sud majlisida arizachining o‘z harakatlariga tanqidiy baho bera olishi, davolanishga bo‘lgan qat’iy istagi alohida e’tirof etildi. Natijada sud fuqaroni ma’lum muddatga majburiy tartibda alkogolga qarshi davolash muassasasiga joylashtirish haqida ajrim chiqardi.
– Qayd etish kerak, spirtli ichimliklarga qaramlik bu oddiy odat emas, balki surunkali kasallik hisoblanadi, – deydi Bog‘ot tuman sudi raisi Bekzod Yaqubov. – Ayrim holatlarda shaxs mustaqil ravishda bu illatdan qutula olmaydi. Bu o‘rinda majburiy davolanish inson hayotini saqlab qolishning yagona chorasi bo‘lishi mumkin. Shu sababdan arizalar va tuman IIBning iltimosnomasiga asosan fuqaro D.ga nisbatan viloyat narkologik kasalliklari dispanseriga majburiy tartibda davolatish uchun joylashtirish to‘g‘risida ajrim chiqardik. Bu ajrimga fuqaro D.ning sog‘lig‘ini tiklash, uni ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish hamda ehtimoliy huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qaror qildik.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar fuqarolarning o‘z salomatligiga befarq emasligini, muammoni yashirish emas, balki qonuniy yo‘l bilan hal etishga intilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu amaliyot profilaktika nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NCB_4ufwzus" title="Fuqaro o‘z tashabbusi bilan suddan majburiy davolanishni so‘radi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari