Turizm va madaniy meros agentligi Matbuot xizmati xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Termiz tumani Doʻstlik mahallasida yashovchi fuqaro Ulkan Eraliyev bogʻni sugʻorish chogʻida yerdan oltin dinor parchasini topib oldi.
Fuqaro shundan so‘ng, Termiz arxeologiya muzeyiga murojaat qildi.
Joyga yetib borgan mutaxassislar va numizmatlar qazish ishlari olib borib, Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid qimmatbaho topilmani dastlabki ekspertizadan o‘tkazishdi.
Qayd etilishicha, oltin dinorning old tomonida muzey numizmatika doktoranti Mansur Normo‘minov “Alloh” va “Muhammad” so‘zlarini, shuningdek, arab alifbosining ayrim harflarini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.
Tanganing orqa tomonidagi matn deyarli o‘chib ketgan. Shikastlangan, lekin yaxshi saqlanib qolgan tanga – oltin dinorning og‘irligi 1,92 grammni tashkil qilgan.
Ma’lum qilinishicha, musulmon mamlakatlarida tilla tangalar “dinor”, kumush tangalar “dirham” deb atalar edi.
Qimmatbaho topilmani belgilangan tartibda Termiz arxeologiya muzeyiga topshirgan Ulkan Eraliyevga amaldagi qoidalarda belgilangan haq to‘lab berildi.
Xabarda qayd etilishicha, Termiz o‘zining strategik joylashuvi tufayli imperiyalar o‘rtasida tez-tez tortishuvlar va urushlar ob’ektiga aylangan.
X asrning 2- yarmida shahar Qoraxoniylar va G‘aznaviylar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar joyiga aylandi. Bu hukmdorlar bir-birlari bilan bo‘lgan urushda allaqachon qattiq holdan toyganidan foydalangan saljuqiy shahzodalar To‘g‘rulbek va Chag‘rilbek Termiz va uning atrofini egallab oladilar.
Bu yil Termiz arxeologiya muzeyi ochilganiga 20 yil to‘ladi. 20 yil davomida bu muzeyda birorta ham tilla tanga bo‘lmagan.
O‘zA