Fuqaro jarima to‘laydigan bo‘ldi
Navoiy viloyatining Tomdi va Uchquduq tumanlari Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari hamda Milliy gvardiya bo‘limi xodimlari tomonidan Uchquduq tumani “Uzunquduq” OFY hamda Tomdi tumani “Sharq” OFYning chegaradosh cho‘l hududida nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, reyd tadbiri davomida Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi fuqaro Q.A. tomonidan saksovul butalarini o‘z boshqaruvida bo‘lgan “ZIL” rusumli yuk mashinasida noqonuniy ravishda olib ketayotganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib 1 million 650 ming so‘m jarima hamda 32 million 340 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilangan.
A.Bo‘riyev, O‘zA