Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida yashovchi fuqaro Navro‘z Mizomov aka-ukalari bilan kelishib, otasi Nasriddin Mizomovga Xatirchi tumanidan uy sovg‘a qilishni niyat qiladi.
Niyatlarini amalga oshirish maqsadida tumandagi “Sog‘lom avlod - 2020” MCHJ bilan 2021 yil 16 aprel kuni 259 million 350 ming so‘mga 2 xonali xonadon sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzadi va 2022 yil noyabr oyida xonadonni qabul qilib olishga kelishadi.
Fuqaro shartnomada kelishilgan to‘lov grafigi asosida MCHJga 73 million 792 ming so‘m mablag‘ ham to‘lab beradi. Oradan bir yil o‘tishiga qaramasdan qurilish ishlari boshlanavermaydi. U bir necha bor MCHJ rahbariyatiga murojaat qiladi, lekin hech qanday natija bo‘lmaydi. O‘rtada “Qayga borsang bor” qabilidagi gap-so‘zlar ham bo‘lib o‘tadi.
Oxir-oqibat fuqaro buzilgan huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Xatirchi tuman jamiyatiga murojaat qildi.
Murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan jamiyat xodimlari MCHJ mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining huquqlari, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari, shuningdek, shartnoma shartlari to‘g‘risida tushuntirishlar beradi. Ammo olib borilgan sa’y-harakatlar samarasiz bo‘lgach, jamiyat tomonidan fuqaro Navro‘z Mizomovning manfaatini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga davo arizasi kiritildi.
Sud davo arizasini ko‘rib chiqqach, fuqaro N.Mizomovga javobgar “Sog‘lom avlod - 2020” MCHJdan 73 million 792 ming so‘m mablag‘ va 3 million so‘m ma’naviy zarar undirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA