Jizzax viloyatidagi sayyor qabullar – xalq va hokimiyat o‘rtasidagi hayotbaxsh muloqot namunasiga aylanib bormoqda. Ushbu tadbirlar amaldorlarni kabinetdan chiqarib, xalq og‘rig‘i, ehtiyoj va muammolariga yuzma-yuz qarashga majbur etmoqda. Amalda esa bu – davlat boshqaruvidagi yangi fazilat: “Hokimiyat xalqqa xizmat qilishi shart!” degan falsafaning hayotga tatbiq etilishidir.
Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurbayev tomonidan Zomin tumani, Dashtabod shaharchasida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ana shunday yangicha uslubdagi davlat xizmatining amaliy ifodasi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Tibbiyot birlashmasi binosida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan 50 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ulardan 15 tasi joyida ijobiy hal etilgani – davlat idoralarining joylarda ishlash samaradorligi oshib borayoganini ko‘rsatadi.

E’tiborlisi, ushbu sayyor qabul doirasida aholi salomatligini ta’minlash va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish maqsadida tibbiy xizmatlar ham tashkil etildi. Viloyatdagi nufuzli shifoxonalarning yetuk tibbiyot mutaxassislaridan tashkil topgan maxsus tibbiy guruh tomonidan 300 nafar fuqaro bepul umumiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga aniq tashxislar qo‘yilib, sog‘lig‘ida kuzatilayotgan muammolar aniqlandi, zarur tavsiyalar, tuman va viloyat shifoxonalariga yo‘llanmalar berildi.
Bu esa sayyor qabullar faqat murojaatlarni tinglash bilan cheklanmasdan, balki aholining aniq ehtiyojlarini joyida qondirishga qaratilganini yaqqol tasdiqlaydi.
Muhimi, har bir murojaatga mas’ul mutasaddilar biriktirilib, aniq vazifalar belgilandi. Bu kabi sayyor qabullar faqat nomigagina emas, balki tizimli yechimlarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

Ana shunday tadbirlar xalq dardiga quloq tutish, uni tinglash va aniq yechim topish bilan rahbarlarni xalqqa ko‘rsatayotgan xizmatining mazmuni o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi. Xalqning manfaati – davlatning asosiy vazifasiga aylanmoqda.
Bunday ishlar tasodifiy emas, balki davomli va tizimli ravishda tashkil etilishi shart. Chunki xalq ishonchini qozonish – yillar talab qiladigan mas’uliyatli jarayon, uni yo‘qotish esa bir lahzaning ishi. Shu sababli sayyor qabullar faqat murojaatlarni tinglash emas, balki muammolarni yechimga olib chiqadigan samarali mexanizmga aylanishi kerak.
Amaliy muloqotlar esa davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchli aloqani mustahkamlab, inson manfaatini davlat xizmatining markaziga qo‘yishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri