Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Fuqaro» atamasida kamchilik bormi?
20:13 / 2022-08-13

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz fuqarolariga nisbatan «fuqaro» atamasini qo‘llanishi haqida bir qator bahsli ma’lumotlar tarqatilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Ayrim muallif va foydalanuvchilar tomonidan «fuqaro» so‘zi arab tilida «bechora», «kambag‘al» degan ma’noni anglatuvchi «faqir» so‘zining ko‘plikdagi shakli ekani ta’kidlanib, xalqni «faqir, fuqaro» deb atash noo‘rin degan fikr bildirilmoqda.

Ayni paytda «fuqaro» atamasini boshqa so‘zga almashtirish, masalan, «O‘zbekiston fuqarosi» o‘rniga «O‘zbekiston beki» («O‘zbekiston bekasi») yoki «Vatandosh» singari jumlalarni qo‘llash maqsadga muvofiq degan takliflar ilgari surilmoqda.

Ushbu fikr-mulohazalar qanchalik o‘rinli?

Shu yurtda yashovchi va shu davlat pasportiga ega bo‘lgan barcha insonga ushbu mavzu taalluqlidir.

Birinchidan, insonlarning o‘zaro muloqotida qo‘llanadigan har qanday til «o‘lik til»dan farqli ravishda, doimiy rivojlanishda bo‘ladi, uning lug‘at boyligi o‘zgarib, boyib, sayqallanib boradi. So‘z va atamalar o‘zining dastlabki ma’nosini o‘zgartirib, ba’zan hatto dastlabki ma’nosini yo‘qotib, boshqa ma’no tashuvchiga aylanishi mumkin. Tilshunoslar bunday o‘zgarishlarga ko‘plab misol keltirishi mumkin.

Masalan, ko‘p xalqlar qatori o‘zbeklar ham ko‘p qo‘llaydigan «shofyor» so‘zi fransuz tilidagi “chauffeur” – o‘t yoquvchi degan ma’noni bergan. Shofyor deganda transport vositasi haydovchisi emas, balki mashina motoriga o‘t qalovchi, o‘t yoquvchi tushunilgan.

Mavzuga bevosita aloqador bo‘lgan, hozirgi vaqtda juda ko‘p davlatlarda «shaxsni tasdiqlovchi hujjat» ma’nosida ishlatiladigan va katta-kichikka birday tanish bo‘lgan «pasport» so‘zini olib ko‘raylik. XVIII asr boshida Italiya, Fransiya, Angliya, singari davlatlarda qayiqlarni portga kirishi uchun beriladigan yozma ruxsatnoma shunday atalgan (lotincha “passare - o‘tish, portus - port, qirg‘oq» so‘zlaridan), keyinchalik bir davlat chegarasidan o‘tish uchun beriladigan yozma ruxsatnoma «pasport» deb tushunilgan.

Rus tilidagi (slavyan tillaridagi)«grajdanin» va ingliz tilidagi «citizen» atamalari haqida ham shunday deyishimiz mumkin. Boshqa tillarda ham shu ahvol bo‘lsa kerak.

Dastlab «grajdanin» («gorojanin») degan atama «shahar aholisi», «shaharlik» degan ma’noni bergan, XVIII asrdan hozirgi ma’noda, ya’ni biror bir davlatga mansub xalq vakili deb ishlatila boshlagan. Agar biz bu atamani dastlabki ma’nosida qo‘llasak, shaharda yashamaydigan aholisi bu davlatning grajdanini emas degan ma’no kelib chiqadi.

Inglizcha «citizen» nemischa “bürger” atamalari ham «shaharlik», «shaharda yashovchi» degan ma’noni bildiradi. Angliya yoki Germaniyaning shahardan tashqari hududida yashovchi aholisi «citizen» yoki “bürger” atamasi faqat shaharliklarni bildiradi, shuning uchun bu atamani o‘zgartirish kerak, chunki bu atama qishloqliklarni kamsitadi deb aytishni tasavvur qilish qiyin.

Ikkinchidan, bugungi kunda «fuqaro» so‘zi «grajdanin» ma’nosida ongimizga singib bo‘lgan. Tilshunoslar aytmasa, ko‘pchilik bu so‘zning qachonlardir «qashshoq» ma’nosida ishlatilganini bilmaydi ham. Tilni xalq yaratadi. Adabiy til, lug‘at boyligi xalqning og‘zaki so‘zlashuviga asoslanadi, aksincha emas va bu holatda hech qanday g‘ayrioddiylik yo‘q. Hozirgi vaqtda «Fuqaro» atamasi o‘z etimologiyasi, dastlabki ma’nosiga qaramay, o‘zbek tilida boshqa tillardagi «grajdanin», «citizen» degan ma’noni bildiradi.

Uchinchidan, «Fuqaro» atamasini «bek» va «beka» so‘ziga almashtirish nima beradi?

Ayrim O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarida hukmron va imtiyozli tabaqalarga mansub zodagonlarni Bek (beg, bik, bay, biy, bey) deb atashgan. Ma’lum bir hudud hokimi yoki harbiy qo‘mondonlarni ham bek deyishgan.

Ayrim mualliflar ta’kidlashicha, «Bek, beka» atamasi hozirgi kunda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va din vakillariga birday mos kelar emish. Aytaylik, «O‘zbekiston bekasi Kassandra Kudryashkina» degan jumlalar quloqqa qanday o‘rnashadi deb o‘ylaysiz?

Bugun biz vatandosh, deganda qachonlardir hozirgi O‘zbekiston hududidan boshqa davlatlarga chiqib ketishgan, asosan, o‘zbek millatiga mansub yurtdoshlarimizni tushunamiz. Ularning ko‘pida allaqachon boshqa davlat pasporti bor. Agar «fuqaro» so‘zini «vatandosh»ga almashtirsak, bu xorijda yashovchi millatdoshlarimizni qanday atashimiz kerak?

Qolaversa, shu bitta atamani boshqasiga almashtirish qancha moliyaviy mablag‘ talab qiladi. Pasportni o‘zgartirishni aytmaganda ham o‘n minglab, balki yuz minglab qonun hujjatlari qayta ishlanishi va qayta nashr etilishi kerak bo‘ladi. Kimdir «pasport» degan so‘zni ham almashtirish kerak deb qolsa-chi?

Umuman olganda, «fuqaro» atamasi atrofida ko‘tarilayotgan bahs-munozaralar ortiqcha. Qimmatli vaqtimiz va qobiliyatimizni jamiyat hayoti uchun foydali bo‘lgan muhim masalalar muhokamasiga sarflashimiz maqsadga muvofiqdir.

Anvar Eminov,

jurnalist