Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari 30 ta medallar shodasiga ega chiqdi.
O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov boshchiligida nufuzli musobaqada ishtirok etgan belbog‘li kurashchilarimiz 30 dan ortiq davlatning 300 nafardan ziyod nomdor polvonlari bilan kechgan bellashuvlarda 9 ta oltin, 7 ta kumush, 14 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Mahoratli sportchilarimizdan Hayotbek Kamoliddinov, Oybek Sultonov, Kamronbek Nomozboyev, Nusratillo Sultonboyev, A’zamjon Anvarjonov, Arofatxon Muhammadova, Dilafro‘z Mamajonova erkin yo‘nalishda, Hasanboy Urayimov va Kamronmirzo Usmonaliyev klassik yo‘nalishda o‘z vaznlarida jahon chempioni, degan nomga musharraf bo‘ldi.

Kuni kecha Fujayra shahrida g‘oliblikni tantana qilgan belbog‘li kurashchilarimiz jamoasi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA