Bugun, 15-fevral kuni Germaniyaning Vaysenxaus shahrida davom etayotgan “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatining so‘nggi kungi bahslarida barcha o‘rin sohiblari ma’lum bo‘ladi.
Mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat jahon chempionatida ishtirok etayotgan grossmeysterlarimizdan Nodirbek Abdusattorov bir kun muqaddam tashkil etilgan saralashdan keyin ikkinchi kungi o‘yinlarda 1-o‘ringa da’vogarlik qilgan bo‘lsa, Javohir Sindorov 5-8-o‘rinlar uchun kurash olib bordi.
Kecha o‘tkazilgan musobaqaning 1/2 finalida Abdusattorov norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi dona surdi.

Dastlabki ikki partiyada murosa yo‘li tanlandi. Uchinchi va to‘rtinchi partiyalarda esa FIDE reytingi yetakchisi Magnus g‘alaba qozonib, umumiy 3:1 hisobi bilan finalga yo‘l oldi.
Ikkinchi 1/2 finalda amerikalik Fabiano Karuana germaniyalik Vinsent Keymerni 2,5:1,5 hisobida dog‘da qoldirdi.
Bugun 1-o‘rin uchun kechadigan o‘yinda Magnus Karlsen Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib boradi. Nodirbek Abdusattorov esa Vinsent Keymer bilan 3-4-o‘rinlar masalasini hal etish uchun kurashadi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan jahon chempionatida dona surayotgan Javohir Sindorov kecha 5-o‘rin uchun kechgan uchrashuvda hindistonlik Arjun Erigaysiga 1:3 hisobida yo‘l berdi.
Bugun bu yilgi Nomzodlar turniriga tayyorgarlik ko‘rayotgan mahoratli shaxmatchimiz Sindorov 7-8-o‘rinlar kimga nasib etishiga oydinlik kiritish uchun amerikalik Levon Aronyan bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollariga ega chiqadi. 2-o‘rin 60, 3-o‘rin 40, 4-o‘rin 30, 5-o‘rin 25, 6-o‘rin 20, 7-o‘rin 15, 8-pog‘onadan joy olgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA