Germaniyaning Vaysenxaus shahrida o‘tkazilgan “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat musobaqada grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rin uchun bahsda germaniyalik Vinsent Keymerni 2.5:1.5 hisobida mag‘lub etdi va 40 ming AQSH dollari miqdorida mukofotga ega chiqdi.

Ushbu g‘alaba ortidan Abdusattorov 2027-yilgi” Freestyle Chess” jahon chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Javohir Sindorov 7-8-o‘rinlar uchun amerikalik Levon Aronyan bilan kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan o‘yinning 81-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi. Biroq, chempionat nizomiga muvofiq qora donalarda durangga erishgan Aronyan 7, Sindorov 8-o‘rinni egalladi va 10 ming AQSH dollari mukofoti sohibi bo‘ldi.

Jahon chempionligi uchun Magnus Karlsen va Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi uchrashuvda sobiq jahon chempioni Karlsen 2,5:1,5 hisobida g‘olib chiqdi va 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi. O‘z navbatida, Karuana 60 ming dollar egasiga aylandi.

Shuningdek, amerikalik Xans Nimann hindistonlik Arjun Erigaisini 2:0 ko‘rinishida dog‘da qoldirib, 5-pog‘onani band etishi ortidan 25 ming AQSH dollariga loyiq ko‘rildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA